Ta’kidlanishicha, birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, nosozlik jarayonida 80−85 ming kub metr miqdoridagi ichimlik suvi yo‘qotilgan.
Bu Toshkent shahriga bir kunda uzatilayotgan ichimlik suvining 3,2 foizini tashkil qiladi. Agar biz tarmoqlarni raqamlashtirib, ularning bosimini onlayn boshqaradigan uskuna va jihozlarini o‘rnatmas ekanmiz, tarmoqning qaysidir nuqtasida avariya sodir bo‘lishini oldindan bila olmaymiz. Mana shu ishlarni amalga oshirsak, tarmoqni to‘liq nazorat qilish va nosozliklarning oldini olish imkoniga ega bo‘lamiz, deydi “O‘zsuvtaʼminot” vakili.
“O‘zsuvtaʼminot” AJ boshqaruvi rais o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevning taʼkidlashicha, avariya diametri 1200 millimetrli quvurning 800 mm bo‘lgan quvurga ulangan qismida sodir bo‘lgan.
Ushbu hodisada yo‘qotilgan ichimlik suvi zarari aholi yoki o‘sha hududdagi isteʼmolchilar bo‘yniga hisoblanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, texnik yo‘qotishlar avvaldan ko‘zda tutiladi. Agar yil davomida 17 foizdan oshadigan bo‘lsa, quvur egasi, yaʼni bizning tashkilot zarari hisoblanadi, tabiiy yo‘qotish, degan mazmunda zarar qoplanadi. Bu hech qanaqasiga isteʼmolchilar bo‘yniga tushmaydi, deydi Xurshid Rahmatullayev.