Jamiyat, Tahlil

«Ko‘cha” uslubida qabul qilingan hal qiluv qarori (1-qism)

«Ko‘cha” uslubida qabul qilingan hal qiluv qarori (1-qism)

Xalqimizga yaxshi tanishki, “ko‘cha” muhokamasida (“razborkasida”) “haq” tomon oldindan aniq bo‘ladi. “Aybdor” tomon o‘zining haqligini har chan isbotlamasin, u baribir “aybdor”.

Xuddi shunga o‘xshash holatni davlat mulozimlari, ayniqsa Konstitutsiya va Qonunlarimizning asosiy himoyachilari, har bir ishini qonunlarga asoslanib qilishga “qasam ichgan” sudyalar qilsa, bir “maqol” yodinga tushib ketadi…

Endi asl holatga o‘tadigan bo‘lsak, 2024-yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi J.B. fuqaro B.B.ning javobgar “Ulkan inshoot qurilish servis” MCHJ shartnomada belgilangan muddatdan 395 kun o‘tib ham xonadonni topshirmayotganligi sababli shartnoma shartlariga ko‘ra jami 111.142.500 so‘m penya qarzdorligini undirishni hamda MCHJ tomonidan xonadonni to‘liq ta’mirlangan holda tegishli topshirish akti bo‘yicha topshirish majburiyatini yuklashni so‘rab yozgan da’vo arizasini ko‘rib chiqadi.

Sud jarayoni davomida javobgar, qurilish muddati qonuniy asosga ko‘ra 2024-yil 21-mart kuniga qadar uzaytirilganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida, “Ulkan inshoat qurilish servis” MCHJ bilan Toshkent shahar IIBB o‘rtasidagi ko‘p qavatli uylarni davlat-hususiy sheriklik shartlari asosida qurish bo‘yicha 2-sonli shartnomaning muddatini uzaytirish bo‘yicha 2024-yil 19-yanvar kunidagi 2/4-sonli qo‘shimcha shartnomani hamda bir nechta orqa sana bilan rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni taqdim qiladi.

Da’vogar B.B. esa sudga yozma ravishda iltimosnoma kiritib, 2/4-sonli qo‘shimcha shartnoma soxta ekanligi (shartnoma rekvizitlari haqiqiy bo‘lsada, unga soxta ma’lumotlar kiritilib mazmunan soxtalashtirilgan) aniq ko‘rinib turganligi, dalolatnomalar orqa sana bilan rasmiylashtirilganligini hamda quruvchi xonadonni topshirishdan bosh tortayotganligini to‘liq isbotlovchi video va audioyozuvlarni taqdim qilib, ushbu holatda kamida “mansab soxtakorligi” jinoyati alomatlari (soxta shartnomaning ikkinchi tomoni Toshkent shahar IIBB mas’ul mansabdor shaxslari) bo‘lganligi sababli hujjatlarni prokuratura organlarga yuborishni va ularni dalillar qatoridan chiqarishni so‘raydi.

Biroq sudya ushbu holatda O‘zbekiston Respublikasi FPKning 275-moddasi 5-qismidagi norma ya’ni sud ishni ko‘rayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qilishi to‘g‘risidagi “imperativ norma” talablariga bo‘ysunmasdan ushbu soxta shartnomani soxta ekanligini bila turib, uni asosiy dalil sifatida e’tirof etib, to‘liq “tadbirkor”ning foydasiga hal qiluv qarorini chiqardi.

Kamiga sudya J.B. “O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan hal qiluv qarori”da da’vogar B.B. tomonidan vajini tasdiqlovchi birorta dalil keltirmaganligi va sud tomonidan ham aniqlanmaganligi to‘g‘risida “qip-qizil” yolg‘on ma’lumotlarni kiritib, da’vogarga “mana senga” deganday topshiriladi.

Bunday hal qiluv qaroridan “ilhomlangan” tadbirkor, zudlik bilan fuqaro B.B. bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilib, xonadonni boshqa shaxsga sotib yuboradi.

Fuqaro B.B. esa sudya J.B.ning “ADOLATLI” hal qiluv qarori natijasida, na pulsiz (uy uchun to‘langan pul nazarda tutilmoqda), na uysiz qolib ketadi.

Mana buni fuqaroni “ko‘cha uslubida talash” desa bo‘ladi.

Shu joyda Erkin Bozor she’ridagi quyidagi to‘rtlikni yodga olmay iloji yo‘q.

Nimayam qilardik ovora bo‘lib,

Taqdirni buyruqlar hal etgan kunda.

Sudlarni xalq uchun qishlovga berib,

Qomusni pechkada yoqaylik unda?!

 

Voqealar rivojining yuqoridagilardanda qiziqarli bo‘lgan DAVOMI BOR…