Maymunchechak — yuqumli kasallik bo‘lib, yuqori harorat, limfa tugunlarining kattalashishi va toshma toshishi bilan xarakterlanadi. JSST Afrikada ushbu kasallik epidemiyasini xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb e’lon qildi. Tashkilot mutaxassislari aniqlangan maymunchechak holatlari soni juda ko‘pligi va virusning qit’adan tashqarida faol tarqalishiga imkon berishi mumkinligidan xavotirda.
Kasallik 1980-yildan beri davosi topilgan deb hisoblangan oddiy suvchechakka o‘xshaydi, ammo undan farqli o‘laroq, yuqish ehtimoli kamroq va osonroq kechadi. Ushbu virusning ikkita shtammi mavjud: Clade I va Clade II. Birinchi shtamm bilan zararlangan har 10 kishidan 1 nafari vafot etadi. 2022—2023-yillardagi epidemiya Clade II tomonidan qo‘zg‘atilgan bo‘lib, u bilan kasallangan bemorlarning 99 foizi omon qoladi.
Maymunchechak ortopoksviruslarni keltirib chiqaradi. Ularni ba’zi kemiruvchilar (masalan, Gambiya xaltali kalamushlari) va hayvonlar tashiydi.
Genetiklarning aniqlashicha, hozirda kasallikning ba’zi namunalari 2017-yilgi epidemiya qo‘zg‘atuvchilariga o‘xshaydi. Bu shuni anglatadiki, ma’lum vaqt davomida virus odamlar orasida aylanib yurgan va sezilmagan.
Maymunchechak qanday yuqadi?
JSST chechak odamdan odamga bemor bilan yaqin aloqalar orqali yuqishi haqida ogohlantiradi:
yuzma-yuz — infeksiya havo-tomchi orqali;
teridan teriga — infeksiya bemor terisining zararlangan qismlari bilan teriga tegganda, shu jumladan, jinsiy aloqa paytida;
og‘izdan og‘izga — bir-birini o‘pganda yuqadi.
Bundan tashqari, virus ma’lum vaqt kiyim va uy-ro‘zg‘or buyumlarida saqlanishi, shuningdek, onadan homilaga o‘tishi mumkin. Odatda kasallik 2 haftadan 4 haftagacha davom etadi.
Kasallik qanday simptomlarga ega?
Dastlabki simptomlar infeksiya yuqqanidan keyin 5—21-kuni paydo bo‘ladi. Avvaliga simptomlar grippni eslatadi va quyidagicha namoyon bo‘ladi:
- yuqori harorat;
- bosh va mushaklardagi og‘riqlar;
- bel og‘rig‘i;
- kattalashgan limfa tugunlari;
- qaltirash;
- holdan toyish;
- 1-5 kundan keyin simptomlarga toshma qo‘shiladi. U yuzdan boshlanadi va pastki a’zolarga tushadi.
Bu sirtdan suvchechakni eslatadi: paydo bo‘lgan qizil dog‘lar o‘rnida tiniq yoki sarg‘ish pufakchalar hosil bo‘ladi, ular quriydi, keyin esa to‘kiladi.
Maymunchechakni qanday davolasa bo‘ladi?
Odatda kasallik yengil kechadi, aksariyat odamlar davolanmasdan 2-4 hafta ichida tuzalib ketadi. Ammo infeksiya yaqin aloqadan yuqqanligi sababli toshma yo‘qolmaguncha va chandiqlar o‘rnida zararlanmagan teri qatlami hosil bo‘lmaguncha, bemor izolyatsiya qilinishi kerak.
Kasallik yengil kechganda bemor uyda davolanishi mumkin. Ammo alomatlar jiddiy bo‘lsa yoki og‘ir surunkali kasalliklar bilan kechsa, tuzalgunga qadar shifoxonada bo‘lishi lozim.
Hozircha maymunchechakni xavfsiz davolashning isbotlangan usuli mavjud emas. Ammo tajriba modellarida samaradorlikni ko‘rsatgan bir nechta dorilar mavjud. Bular — tekovirimat, sitofovir va brinsidofovir kabi virusga qarshi preparatlardir.
Maymunchechakdan qanday himoyalanish mumkin?
Agar sayohat qilishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot choralarini bilishingiz kerak:
Yovvoyi daydi hayvonlar, xususan, kemiruvchilardan ehtiyot bo‘ling, ayniqsa, ular chechak tarqalgan hududlarda yashasa va nosog‘lom ko‘rinishga ega bo‘lsa. Ularning murdasiga tegmang va yovvoyi hayvon go‘shtini yemang.
Zararlangan hayvon tegishi mumkin bo‘lgan narsalarga yaqinlashmang.
Umumiy choyshab va gigiyena buyumlaridan foydalanmang va imkon qadar bemor odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lmang.
Gigiyena qoidalariga rioya qiling — qo‘llarni sovunlab yuving yoki spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning.
Agar zararlangan odamlarni parvarish qilsangiz, shaxsiy himoya vositalaridan foydalaning.
Oddiy chechakka qarshi emlashlar ham mavjud bo‘lib, ular maymunchechakka qarshi ham qo‘llanadi. Ularni xavf ostida bo‘lgan odamlarga: alohida hududlarga sayohat qiluvchilarga yoki kasallanganlar bilan ishlaydigan shifokorlarga qilish tavsiya etiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!