Jahon

Putin Ozarboyjonga nega bordi?

Putin Ozarboyjonga nega bordi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjonda. Uning tashrifi ikki kunga mo‘ljallangan – 18 va 19 avgust. Putin Bokuga Rossiya hududida – Kursk oblastida – ukrain armiyasiga qarshi qaqshatqich janglar ketayotgan mahalda tashrif buyurdi.

18-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Ozorbayjon Respublikasiga keldi.

Ikki mamlakat davlat bayroqlari osib qo‘yilgan Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinni aeroportda Ozarboyjon Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yagub Eyyubov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Samir Sharifov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Yakshanba kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonim Mehribon Aliyeva bilan kechki ovqatda ishtirok etdi.

Kreml xabariga ko‘ra, tashrif chog‘ida Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik va strategik munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, Putin prezident Ilhom Aliyev bilan Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasidagi tinchlik jarayonini muhokama qilishi kutilmoqda.

Putin nega aynan hozir safarga chiqdi? BBC Ozarboyjon xizmati muharriri Kenul Xalilova

Bu Vladimir Putin ikki yarim yil muqaddam Ukrainaga qarshi boshlagan urush davrida ilk bor Ozarboyjonga tashrif buyurishidir.

Shuningdek, bu tashrif Ukraina Rossiya hududiga bostirib kirgan va janglar endi Rossiya ichkarisida olib borayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi.

G‘arb Putinni Ukraina yerlarini anneksiya qilgani uchun ihotalagach, u ittifoqchilar bilan aloqalarni mustahkamlash va yangi ittifoqchilar topishga intilmoqda.

U o‘z armiyasi Ukraina hududiga bostirib kirgan kunlarda Ozarboyjon bilan ittifoqchilik shartnomasini imzolagan. Ozarboyjon hukumati Ukraina va G‘arb bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolganiga qaramay, ushbu davlat hech qachon Putindan yuz o‘girmagan. Bu safargi davlat tashrifi ham Rossiya rahbari uchun dunyoga o‘zini qo‘llab-quvvatlovchilar borligini ko‘rsatish imkoniyati hisoblanadi.

E’tiborli jihati, Putin Ozarboyjongacha Shimoliy Koreya va Vetnam mamlakatlariga davlat tashriflarini amalga oshirgandi.

Gaz masalasi

Rossiyaning Ukrainaga bosqini va G‘arb tomonidan Moskvaga qo‘llangan sanksiyalar ortidan Yevropa mamlakatlariga gaz eksporti to‘xtadi. Ozarboyjon esa Yevropa ittifoqi bilan kelishuv imzoladi hamda Rossiya gazidan mahrum bo‘lgan Yevropa mamlakatlarini ta’minlash uchun gaz eksportini oshirishga rozi bo‘ldi.

Siyosiy tahlilchi Fuad Shahbozov hisoblashicha, Vladimir Putinning Ozarboyjonga hozirgi tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar iqtisodiy, birinchi navbatda, energetika masalalari bilan bog‘liq.

Uning fikricha, tashrif vaqtida Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasida gaz transportirovkasi to‘g‘risida yangi hujjat imzolanishi mumkin.

«Ozarboyjon gazining Yevropaga eksporti hajmini oshirish evaziga Rossiya gazini Ozarboyjonga yetkazib berish bo‘yicha hujjat imzolanishi mumkin. Ya’ni rossiyaliklar gazi ichki bozor uchun foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha hujjat imzolanishi mumkin», — degan Fuad Shahbozov.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bu tashrifdan yana bir maqsad Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi tinchlik jarayonida Rossiyaning pozitsiyasini mustahkamlash bo‘lishi ehtimoli bor. Uning hisoblashicha, so‘nggi vaqtlarda g‘arb institutlari ikki mamlakat o‘rtasidagi mojaroni hal qilishda faollashgan va Rossiya janubiy Kavkaz mintaqasida o‘z ta’sir doirasini tiklashdan manfaatdor.

«Bu tashrif Rossiyaning mintaqaga qiziqishini tasdiqlashga qaratilgan», — deya qayd etgan Shahbozov.

Tinchlik shartnomasini qo‘llab-quvvatlash

«Rossiya tomoni hamon Ozarboyjon va Armaniston munosabatlarini normallashtirishga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor», — deya yozgan RIA Novosti Kremldagi manbaga tayanib.

Ozarboyjon va Armaniston so‘nggi oylarda chegara delimitatsiyasi va tinchlik shartnomasi tuzish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormoqda va ikki tomon ham bunday shartnomani imzolashga tayyorligini bildirgan.

Avgust oyida Boku va Yerevan tinchlik shartnomasi loyihasidan Ozarboyjon va uning eksklavi Nahichevonni bog‘lovchi transport yo‘li (Bokudagilar «Zangezur yo‘lagi» deb ataydi) haqidagi bandni chiqarib tashladi. Bu masala muzokaralarning keyingi bosqichida muhokama qilish uchun qoldirilgan.

Boku va Moskva Ozarboyjon hamda Nahichevon o‘rtasidagi yo‘l Rossiya tomonidan nazorat qilinishini istaydi, ammo Armaniston bunga qarshi.

Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi kelishmovchilik Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin yuzaga kelgandi. Rasmiy Yerevan Rossiya va KXShT (ODKB) urush vaqtida o‘ziga yordam qo‘lini cho‘zmaganidan norozi. Armanistonning g‘arb mamlakatlariga qurol va armiyani tayyorlashda yordam so‘rab murojaat qilishi esa Rossiyaning noroziligiga sabab bo‘lgan. Rasmiy Moskva Armaniston hududida NATO a’zosi bo‘lgan mamlakatlar harbiylari bo‘lishiga toqat qila olmaydi.

Bu omillar (shuningdek, Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinya o‘rtasidagi shaxsiy adovat) so‘nggi yillarda Rossiya va Armanistonni bir-biridan yiroqlashtirdi.

Rossiya va Armaniston o‘zaro ittifoqchilar ekaniga qaramay, Vladimir Putin u yerga bormaydi, chunki Armaniston Xalqaro jinoiy sud qarorlarini bajarish to‘g‘risidagi kelishuv a’zosi sanaladi. 2023 yil 17 mart kuni Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi.

Tashrifning Eron bilan ham aloqadorligi bormi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tashrifidan oldinroq, 6 avgust kuni Ozarboyjonga Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu ham kelgandi va prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashgandi. U Bokuga Erondan keldi.

Sergey Shoygu Eronga Tehronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib borgandi va Bokudagi uchrashuvdan keyingina vataniga qaytdi. Tashrif vaqtida Shoygu Janubiy Kavkazdagi tinchlik va xavfsizlik masalalari to‘g‘risida ham gapirdi, ammo u mintaqa davlatlaridan faqat Ozarboyjonda bo‘ldi.

Ekspertlar hisoblashicha, rossiyalik yuqori martabali mulozimning avval Tehronga, keyin Bokuga tashrif buyurishi Eron va Isroil o‘rtasidagi ehtimoliy eskalatsiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tahlilchi Fuad Shahbozovning fikricha, Rossiya Eron va Isroil o‘rtasida qurolli mojaro boshlangan taqdirda, Isroil Ozarboyjon tomonidan maxfiy ravishda qo‘llab-quvvatlanishi mumkinligidan xavotirda.