Har yili yangi o‘quv yili oldidan o‘quvchi formasi masalasi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Bu borada qarashlar yagona emas. Ko‘plab ota-onalar formaning sifati pastligi, narxi qimmatligidan norozi bo‘lsa, boshqalar tenglikni ta’minlaydi deydi, yana birov bolalarni bir xil qolipga solish deb baholaydi.
Shu bois bir necha yillardan beri mamlakatimizda yagona o‘quvchi formasini joriy etish masalasi ortga surilib kelmoqda. 2018-yili hukumat yagona maktab formalari namunalarini tasdiqlagan edi. 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uni ixtiyoriy tartibda kiyishi belgilab qo‘yilgan. Maktab formalari majburiy bo‘ladigan sana 2019/2020-o‘quv yilidan 2024/2025-o‘quv yiliga – 5 yilga kechiktirilgandi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga tegishli tuzatishlar kiritilgan bo‘lib, yagona maktab formasi 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib borilishi belgilangan.
“Har yili har bir maktab tomonidan o‘z nizomi bo‘yicha belgilangan forma tanlab olinadi. Hozirga qadar o‘quvchilar uchun ayni bir xil forma kiyilsin, degan qattiq talab qo‘yilmadi. Demak, joriy yilda ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi”, degan edi mas’ullar o‘shanda.
Biroq bu yil ham majburiy forma bo‘larmish qabilidagi mish-mishlar tarqalib, farzandiga qaysi formani sotib olishga ota-onalarning boshi qotgan. Mavzu jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lishda davom etmoqda.
Forma kerak!
Sevinch OTABOYEVA,
maktab psixologi:
“Kiyinish madaniyati inson hayotida muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa, hozirgi davrda bu masala juda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Psixologiyada “ijtimoiy rol” tushunchasi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, shaxs o‘zining jinsi va yoshiga mos ravishda turli ijtimoiy rollarni “o‘ynaydi” va ularning o‘zgarishiga moslashadi. Shaxsning tashqi ko‘rinishi, libosi va xulqi bu rollarga mos bo‘lishi lozim. Xususan, uyda, ko‘chada, to‘y yoki rasmiy tadbirlarda, shuningdek, ish joyi va o‘quv muassasalarida kiyiladigan kiyim boshlar ham bu rollar bilan uyg‘unlashishi kerak. Maxsus kiyim bosh, shaxsning ijtimoiy maqomi va guruhga mansubligini ifodalaydi va ijtimoiy tengsizlikni bartaraf qilishga xizmat qiladi. Ta’lim muassasalarida maxsus kiyim boshning o‘rni muhim, chunki u o‘quvchilarda kerakli xulq-atvor va intizomni shakllantiradi, ularning ijtimoiy maqomiga mos kelishga undaydi. Dunyodagi mashhur universitetlar, masalan, Kembrij, Oksford, Stenford universitetlari ham o‘z maxsus formalariga ega. Bu ta’lim muassasalarida o‘qishni orzu qilgan yigit-qizlar uchun formani kiyish juda katta orzu. Shunday ekan, nega maktab o‘quvchilariga forma kerak emas? Forma bo‘lgandayam faxrlanib kiyadigan darajada bo‘lishi kerak. Nafaqat o‘quvchilarga, balki o‘qituvchilarga ham maxsus forma joriy etish maqsadga muvofiqdir. Bu jamiyatda ustoz va murabbiylarning maqomini ko‘tarishda, ularni tanib olishda va hurmatini oshirishda muhim deb o‘ylayman”.
Farzandim sifatsiz forma kiyishi kerakmi?
Manzura XO‘JAYEVA,
ona:
“Ona sifatida farzandlarimning har tomonlama yetuk, bilimli va tarbiyali bo‘lishi uchun harakat qilaman. Farzandlarim maktabga borar ekan, ular uchun zarur o‘quv qurollarini olib berish bilan birga maktabda kiyib yuradigan kiyimlariga ham alohida e’tibor beraman. Maktab formasi ham men uchun juda muhim. Ikki farzandim maktabga boradi va men ularning maktab formasida bo‘lishini istayman. Maktab formasi ota-onalar uchun ham qulaylik yaratadi. Har kuni bolalariga yangi kiyim tanlash muammosidan qutiladi. Ertalab farzandlarining nima kiyishini o‘ylash, kiyimlarni tanlash va ular orasida muvofiqlik topishga vaqt sarflashning hojati qolmaydi. Bu esa ota-onalarga vaqtni tejash imkonini beradi va ertalabki tayyorgarlik jarayonini ancha osonlashtiradi. Forma kiyish orqali farzandlarim maktab qoidalariga rioya qilish, tartibli bo‘lish va o‘zlarini jamoaning bir qismi sifatida his qilishga o‘rganadilar.
Men faqat maktab formasining narxi va sifati masalasida noroziman. Formaning sifati va narxi meni qoniqtirishi kerak. Afsuski, maktab formalarining sifati va narxi asabiylashtiradigan darajada. Ba’zi joylarda formaning sifati juda yomon, ba’zilarida sifati yaxshiroq, lekin narxlar haddan tashqari yuqori. Davlat maktab formalarining sifatini nazorat qilishi va narxini maqbul darajada belgilashi lozim. Har bir oila farzandiga sifatli maktab formasi sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, kam ta’minlangan yoki ko‘p farzandli oilalar uchun qandaydir imtiyozlar yoki yordamlar ko‘rsatilishi kerak. Bu, nafaqat, ota-onalar uchun moliyaviy yengillik yaratadi, balki farzandlariga maktabdagi tenglikni ta’minlashga yordam beradi”.
Ota-onam nega norozi?
Gulshoda ILHOMOVA,
maktab o‘quvchisi:
“Men va singlim maktab formasini oldinroq sotib olib, tayyorlab qo‘yardik. Sentyabr oyiga oz qolganida birdaniga maktabimizda boshqacha forma kiyilishini va hamma shu formadan olishga majbur ekani haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Kimdir majburiy deydi, kimdir bu yil emas, keyingi yil majburiy bo‘ladi deydi. Ba’zilar boshqa maktablarda majburiy ekan, bizning maktabda esa yo‘q, deb aytishdi. Bu gap-so‘zlar ota-onamni asabiylashtirdi, chunki oldin olib qo‘ygan formamizni qaytarib topshirishning iloji yo‘q edi va yana xarajat qilib, yangi forma olish kerak edi. Oxiri ustozlarimizdan so‘radik va ular bu formani kiyish majburiy ekanini aytishdi. Hatto bu formasiz maktabga kiritishmas emish. Ilojsizlikdan ota-onam yangi forma olishga ko‘ndi, lekin uning narxi va sifati na meni, na ota-onamni qoniqtirdi. Uning sifati qo‘yilgan narx uchun mos emas edi va ota-onam bunday kiyim kiyishimni xohlamasdi. Biroz vaqt o‘tib, bu forma juda ko‘p joyda sotuvga chiqdi va ularning sifati ham, narxi ham har joyda turlicha bo‘lib qoldi.
Mening fikrimcha, bir xil maktab formasi bo‘lishi yaxshi. Hamma o‘quvchi bir xil formada bo‘lsa, juda chiroyli ko‘rinadi. Tadbirkorlar faqat pul topishni o‘ylab, sifatsiz formalar sotishda davom etsa, maktab formasiga nisbatan noroziliklar yanada kuchayib boraveradi. O‘ylab qolaman, davlat nega buni nazorat qilmaydi, narxi va sifatini tekshirmaydi? Sifatsiz tovar sotilishining oldini olish uchun birinchi o‘rinda davlat kurashishi kerak emasmi? Oddiy aholi nima qila oladi? Hamma joyda sifatsiz tovar bo‘lsa, farzandini maktabga kiritishmasligini o‘ylab, qo‘rqqanidan ilojsiz sotib olaveradi-da!”
Forma tenglikni bildiradi
Shohrux ALLANAZAROV,
maktab o‘qituvchisi:
“Bir xil forma joriy qilinishi ijtimoiy tenglikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. O‘quvchilarning ijtimoiy kelib chiqishi har xil bo‘lib, agar forma majburiy bo‘lmasa, boy oilaning farzandi maktabga qimmatbaho kiyimda kelishi mumkin. Bu kambag‘al yoki o‘rta oilaning farzandlarida o‘zini past baholash va kamsitilganlik hislarini yuzaga keltirishi mumkin. Barcha bolalar bir xil forma kiyib yurgani tenglikni anglatadi. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek turli iqtisodiy sharoitlarga ega oilalar mavjud va maktab formasi bolalar orasidagi moliyaviy tafovutlarni yashiradi, hammani bir xil ko‘rsatadi.
Maktab formasining yana bir afzalligi shundaki, u bolalarning e’tiborini darslarga qaratishga yordam beradi. Agar o‘quvchilar har xil kiyimda bo‘lsa, ular orasida kiyinish borasida raqobat yoki maqtanish kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin. Darsni tinglash va tushunish o‘rniga sinfdoshlarining kiyimiga e’tibori chalg‘iydi. Maktab formasi mavjudligi esa bu muammolarning oldini olishga yordam beradi. Maktab formasi masalasi faqat bir xil kiyim kiyishdan iborat emas, balki u bolaning maktabdagi muhitga moslashishi, o‘ziga ishonchi va tenglikni his qilishi uchun ham muhim. Shuning uchun, bu masalada mas’ullar bosh qotirishi, formaning sifati va narxini nazorat qilib, ota-onalar va o‘quvchilar manfaatlarini inobatga olishi kerak. Agar shu jihatlar e’tiborga olinadigan bo‘lsa, maktab formasi bilan bog‘liq noroziliklar ham kamayadi”.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!