Jahon

Qirg’iziston Tolibonni terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan chiqardi

Qirg’iziston Tolibonni terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan chiqardi

Qirgʻiziston Qozogʻiston ortidan Tolibonni terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqardi. Mintaqadagi koʻplab davlatlar Kobul bilan keng koʻlamli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi, qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Afgʻoniston bilan hamkorlik qilishga intilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari soni ortib bormoqda.

Qirgʻiziston hukumati Qozogʻistondan oʻrnak oldi. 7-sentyabr kuni Bishkek Tolibonni taqiqlangan guruhlar roʻyxatidan olib tashlagani ma’lum boʻldi. Shu bilan birga, mamlakat TIV “xalqaro hamjamiyatning Afgʻonistonda hamda butun mintaqada barqaror va tinch muhitni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga” sodiqligini ta’kidladi. Afgʻoniston diplomatik departamenti ham qaror uchun minnatdorchilik bildirdi.

2021-yil avgust oyining eng muhim yangiliklaridan biri – Amerika qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqib ketilishi va hukumatning Tolibon qoʻliga oʻtishi boʻldi. Oʻsha vaqtda mazkur harakat dunyoning qariyb barcha mamlakatlarida terrorchi sifatida tan olingan edi.

Oradan 3 yil oʻtib, Qozogʻiston va Qirgʻiziston harakatni terrorchi guruhlar roʻyxatidan chiqarib tashladi. Oʻzbekiston Kobulga tez-tez delegatsiyalar yubormoqda, Turkmaniston ham hamkorlikni kuchaytirmoqda. Tolibon vakillari ham mintaqa mamlakatlariga bemalol tashrif buyurmoqda, Sankt-Peterburgdagi Xalqaro iqtisodiy forumda qatnashdi, Rossiya rahbari Vladimir Putin esa ularni hatto terrorizmga qarshi kurashda «ittifoqchilar» deb atadi.

Biroq, Afgʻonistonda haligacha inson huquqlari bilan bogʻliq muammolar uchraydi. Mamlakatda ommaviy qatl qilish amaliyoti davom etmoqda, ayollarning jamoat joylarida gapirishlari taqiqlandi. Shu bilan birga xalqaro maydonda Tolibon oʻzini muzokara olib borishi mumkin boʻlgan diplomatik hukumat sifatida koʻrsatishga harakat qilmoqda.

«Ular hech kimga hujum qilmoqchi emasliklarini e’lon qilishdi – bu juda muhim bayonot. Hatto Amerika rasmiylarining Kobuldan olib ketilgan harbiy texnikalarni Oʻzbekistonga topshirish qaroriga javoban, Tolibon uni kuch bilan qaytarib olish bilan tahdid qilmadi, faqat norozilik bildirdi. Bu mintaqa davlatlari uchun ham taranglikni biroz yumshatdi”, – deydi Oy-Ordo Markaziy iqtisodiy tadqiqot institutining xalqaro aloqalar boʻyicha eksperti Bayqadam Kuramaev TRT rus xizmatiga.

Markaziy Osiyo davlatlari Afgʻonistonda yuzaga kelgan voqelikni koʻrmoqda va ularga moslashishga tayyor, deb tushuntiradi sharqshunos Andrey Ontikov. Qolaversa, IShIDga qarshi urush e’lon qilgan va amalda kurashayotgan Tolibon bilan hamkorlik ularning manfaatlariga toʻla mos keladi.

“Mintaqa davlatlari oʻz vaqtida Suriya va Iroqda kuchayib, katta hududni nazorat qilgan IShIDga jangarilar yetkazib beruvchi asosiy “eksportchilardan” boʻlgani hech kimga sir emas. Markaziy Osiyo davlatlarining bir qator aholisi uchun IShID mafkurasining jozibadorligini hisobga olib, ushbu davlatlar rahbariyati mazkur muammoni nafaqat oʻz ichida, balki tashqi chegaralarda ham toʻxtatishdan manfaatdor”, — deya tushuntiradi Ontikov.

Mutaxassisning fikricha, bu janglarda ashaddiy terrorchilarning oʻz vatanlariga qaytish va keyinchalik vaziyatni beqarorlashtirish ehtimolini minimallashtiradi.

Oʻtgan yili Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Serik Jumangarin Afgʻoniston mamlakat uchun ustuvor un bozori boʻlib, mahsulot eksporti umumiy hajmining 70 foizini tashkil etishini ta’kidladi. Qolaversa, Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan Kobul Ostona bilan eng koʻp savdo qiladi. Oʻtgan yili mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi.