Jahon, Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida ikkinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ishtirok etdi

Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida ikkinchi “Markaziy Osiyo – Germaniya” sammitida ishtirok etdi

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida oʻtgan tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Germaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan demokratik oʻzgarishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, mintaqadagi hamkorlik va integratsiyani qatʼiy hamda oʻzgarmas qoʻllab-quvvatlayotganini yuqori baholadi.

«Bizning Berlindagi ilk uchrashuvimiz va bugungi sammit aniq, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan ochiq va konstruktiv muloqotimizni davom ettirishga boʻlgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlamoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoning Germaniya bilan har tomonlama hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yangi tashabbus va takliflarni ilgari surdi.

Avvalo, Oʻzbekiston rahbari Markaziy Osiyo va Germaniya oʻrtasida strategik mintaqaviy sheriklik oʻrnatilganini yuqori baholab, ustuvor yoʻnalishlarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahliliy markazlari forumini taʼsis etish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili Xivada oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish, mintaqada qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklarini faol jalb etish, “Markaziy Osiyo va Germaniya” Investorlar va tadbirkorlar kengashini tuzish, shuningdek, investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha koʻp tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatlarini oʻrganish taklif etildi.

Germaniyaning ilgʻor bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida oʻta muhim xomashyo resurslari sohasidagi hamkorlik istiqbolli yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi.

«Bu oʻrinda gap geologiya razvedkasi, jadal oʻzlashtirish, qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish loyihalari haqida bormoqda,» — dedi davlat rahbari.

Oʻzbekiston bunday loyihalarni qoʻshni davlatlarda birgalikda amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi bildirildi.

 «Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta toʻsiq boʻlmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz Germaniya tomonini Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlaydigan muqobil transport yoʻlaklarini rivojlantirishga Yevropa institutlarini jalb qilishda koʻmaklashishga chaqirdi.

Davlat rahbari 2025-yilda bunday yoʻnalishlarning tranzit salohiyatini oshirish yoʻllarini izlash boʻyicha vazirlar konferensiyasini oʻtkazishni taklif etdi.

Oʻzbekiston rahbari Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi vaziyat Afgʻonistonda roʻy berayotgan jarayonlar bilan chambarchas bogʻliq ekanini taʼkidladi.

«Oʻz muammolari bilan deyarli yakka oʻzi qolgan ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yoʻl qoʻymaslik muhim, deb hisoblaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlari bilan birigalikda Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish va chegaradosh Termiz shahridagi Taʼlim markazi negizida Afgʻoniston tinch hayoti uchun zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar, shu jumladan xotin-qizlarni tayyorlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirdi.

Tadbir yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari hamda Germaniyaning ilgʻor kompaniya va banklari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Germaniya ishbilarmon doiralariga “KNAUF”, “Gunter Papenburg”, “CLAAS”, “Siemens Energy”, “Aurubis”, “Ernst Klett”, “Siemens Healthineers”, “Herrenknecht”, “DB Engineering & Consulting”, “Svevind Energy”, “Rhenus”, “HMS Bergbau” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari vakillik qildi.

Davlat rahbari Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.

Shu nuqtai nazardan, bugun boʻlib oʻtgan sammitda oʻzaro manfaatli muloqot uchun doimiy maydon — “Markaziy Osiyo va Germaniya” Investorlar va tadbirkorlar kengashini taʼsis etish va uning birinchi uchrashuvini kelgusi yil bahorida Toshkent investitsiya forumi doirasida oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

O’zbekiston prezidenti, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya oʻrtasidagi investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashni taklif qildi. Ushbu hujjatga Germaniya kompaniyalari investitsiyalari oqimini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, ularning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari kiritilishi mumkin.