Jamiyat

Allamjonov xodimlari ishi bo‘yicha sud qoldirildi

Allamjonov xodimlari ishi bo‘yicha sud qoldirildi

Erta tongdan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 13-yanvar kuni soat 9:30 da Komil Allamjonovga suiqasddan so‘ng jamoat tartibini buzganlik aybloviga ko‘ra 15 sutkaga qamoqqa olingan yetti nafar fuqaroning ishi bo‘yicha taftish tartibida ochiq majlis o‘tkazilishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Suiqasdga jalb qilingan xodimlar

Sudlanuvchilar tomonidan tanlangan advokatga ko‘ra, suiqasd qilinganidan so‘ng Komil Allamjonovning yetti nafar xodimi (ularning orasida haydovchisi, qo‘riqchisi va oshpazi ham bo‘lgan) jinoyatga aloqadorliklarini aniqlash maqsadida operativ guruh a’zolari tomonidan so‘roq qilish uchun jalb qilingan. Kun davomida ular izoh bergan, ammo kechqurun, barcha protseduralar tugagandan keyin, ular o‘z uylarida bo‘lgan paytda Qibray tumani IIB xodimlari ularga mayda bezorilik to‘g‘risidagi bayonnomalarni imzolashni taklif qilishgan. Rad etilgandan so‘ng, ularni tuman bo‘limiga olib ketishgan.

Sudda advokatlar ishtirokiga yo‘l qo‘yilmagan

G‘ayriqonuniy xatti-harakatlar shu bilan yakunlanmaydi. Oqlovchining so‘zlariga koa, ularga advokat xizmatidan foydalanish imkoni taqdim etilmagan, sudda esa advokatlar ishtirokiga yo‘l qo‘yilmagan. Sudya faqat 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirgan. Agar ular rozi bo‘lmasa, yuqori instansiyaga shikoyat qilish tavsiya etilgan.

“3-noyabrgacha advokatlar sud qarorlaridan shikoyat qilish imkoniga ega bo‘lmagan, chunki ularga yaqinlashishga ruxsat berilmagan. Menga Komil Allamjonov murojaat qilib, ma’muriy huquqbuzarlik ishi bilan tanishishimni so‘radi. Tergov davomida ma’lum bo‘ldiki, aslida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan voqea bo‘lmagan, ya’ni bu fuqarolar tumandagi kafening qarshisida ichimlik iste’mol qilmaganlar va hech qanday bezorilik sodir etilmagan. Uchastka noziri bayonnomani faqat yozuv asosida rasmiylashtirgan. Apellyatsiya shikoyati berilgach, sud ishni ularning ishtirokisiz ko‘rib chiqishdan bosh tortdi, xolbuki ma’muriy javobgarlik bo‘yicha sud majlisida shaxsiy ishtirok ta’minlanishi kerak. Sud ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning ishtirokini ta’minlashi shart edi”,  deydi advokat Davron Saidov.

Sud qoldirildi

Natijada ular o‘zlariga noqonuniy belgilangan 15 sutkalik muddatni to‘liq o‘tab chiqdi. Shundan so‘ng, Allamjonov tomonidan yollangan advokat revizion tartibda shikoyat tayyorlagan va 2025-yil 13-yanvar kuni ish ko‘rib chiqila boshlandi. Yetti fuqaroning oltitasi sudga keldi, bittasi esa xabardor qilinmagan. Advokat iltimosi bilan ish 2025-yil 23-yanvargacha qoldirildi. Shuningdek, Saidov ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirgan organni ishga jalb qilish bo‘yicha iltimosnoma kiritgan.

“Umid qilamanki, bu ish sud tizimidagi ko‘plab kamchiliklarni ochib beradigan retsedentga aylanadi. Xususan, advokatlarning guvohlar bilan uchrashuv imkoniyati ta’minlanmayapti. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “Advokatura faoliyati yoritilgan” maxsus bob joriy etilgan. Bu katta yutuq bo‘lsa-da, bu konstitutsiyaviy normalar amalda ishlashi uchun qonunosti hujjatlarining ko‘pchiligini bekor qilish kerak. Advokatlar o‘z himoyasidagilar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lmagan sharoitda, ushbu ishda kuzatilgan turli xil qonunbuzarliklarga yo‘l ochiladi, ya’ni sud jarayoni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan normalar buzilgan holda o‘tkazilgan”, – deya izoh berdi u.

Bu jarayonga tashqi ta’sirlar bo‘lganmi?

Advokatning ta’kidlashicha, ularning ma’muriy qamoqda saqlanishi milliy qonunchilikka ham, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga binoan majburiyatlariga ham zid. Fuqarolar adolatli sudlov huquqidan mahrum qilingan edi. Advokatlar bilan ta’minlanmasligi, himoyachi bilan ta’minlanmasligi qandaydir tashqaridan ta’sir bo‘lgan bo‘lishi mumkin chunki bu ma’muriy huquqni buzish to‘g‘risida bayonnoma tuzgan mansabdor shaxs o‘z-o‘zidan bu ishni qilgani yo‘q.

Qamoq davrida ularga nisbatan bosimlar bo‘lgan

Berilgan izohga ko‘ra, o‘n besh sutkalik qamoq davrida jabrlanuvchilarga nisbatan bosimlar bo‘lgan. Ya’ni huquq normalaridan kelib chiqib, saqlash sharoitlari va ularga nisbatan qilingan munosabatlar hammasi noto‘g‘ri deb baholanadi.

“Lekin amaliyotimizda bu oddiy ahvolga oddiy holat deb baholanib, bularga noto‘g‘ri baho berilmaydi. Agarda xalqaro standartlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, xalqaro huquq va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning yettinchi moddasi asos bo‘la oladigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarida taqiqlangan munosabatlar bor”, – deydi advokat.