Jamiyat

IIB va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun jarimalar oshiriladi

IIB va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun jarimalar oshiriladi

Quyi palata deputatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjat ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutadi.

Qonun qanday o‘zgarishlarni joriy etadi?

Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jarima miqdori 1 dan 12 bazaviy hisoblash miqdorigacha (BHM)ni tashkil etadi. Yangi qoidalarga ko‘ra, ushbu jarima oshiriladi va 5 dan 12 BHMgacha bo‘ladi.

Agar ma’muriy choralar qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida huquqbuzarlik takrorlansa, quyidagilar nazarda tutilgan:

– 12 dan 30 BHMgacha jarima (hozirgi 12–15 BHM o‘rniga);

– yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq (bu qismda o‘zgarish yo‘q).

Maqsad nima?

Qonun loyihasi tashabbuskorlarining fikriga ko‘ra, jazoni kuchaytirish fuqarolarni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining talablariga nisbatan intizom va hurmatni oshirishga, shuningdek, huquqbuzarliklarning takrorlanishini oldini olishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi endi Senat tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar u tasdiqlansa, yangi choralar prezident tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

Jinoyatchilik xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari xodimlari biriktiriladi

Shuningdek, yaqinda “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilinganligi haqida xabar bergan edik. Unga muvofiq, endilikda jinoyatchilik xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari xodimlari biriktiriladi.

Milliy gvardiya xodimlari o‘zini tanishtirishi shart

Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga doir qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Qonun loyihasi “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya vazifalarini tizimlashtiradi va ularga yana bir yangi vazifani qo‘shadi. Muhim o‘zgarishlardan biri fuqarolar bilan muloqot jarayonini aniq tartibga solishdir. Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarayotganda o‘zini tanishtirishi yoki fuqarolarning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi shartligi bo‘yicha talab mavjud emas edi.

Yangi qonun loyihasi ushbu bo‘shliqni to‘ldirib, Konstitutsiyaning yangi tahriri talablaridan kelib chiqib, “Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi” deb nomlangan 6-moddaga quyidagi o‘zgarishlarni kiritmoqda:

• Milliy gvardiya xodimi fuqaroga murojaat qilganda yoki fuqaro unga murojaat qilganda o‘zini tanishtirishi shart;

• Fuqarolarga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi kerak.