Energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan oʻtkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi.
Prezident 27 yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Unda resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi.
Bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.
«Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga toʻgʻri keladigan qoʻshilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, toʻqimachilik tarmogʻidagidan 15-20 barobar yuqori», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yuqoridagi sohalarda resurslarni tejash, kam energiya sarflab, koʻp qoʻshilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan oʻtkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi.
Soʻnggi yillardagi jadallik tufayli jami quvvatlarda “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetgan. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.
Davlat rahbari bunga qoʻshimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat koʻrsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari oʻrnatishni ragʻbatlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trillion soʻm kredit ajratiladi.
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bogʻcha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!