Jahon

BMT Bosh Assambleyasi Rossiya qo‘shinlarining Ukrainani tark etishi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi

BMT Bosh Assambleyasi Rossiya qo‘shinlarining Ukrainani tark etishi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududidan zudlik bilan chiqib ketishi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat 24-fevral kuni, Rossiya-Ukraina urushi boshlanganining uch yilligi munosabati bilan, Kiev va Yevropa davlatlari tomonidan tayyorlangan loyihaga asoslanib tasdiqlandi.

Rezolyutsiya Rossiya harbiy harakatlarini qoralaydi, urushni tezroq tugatishni va Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplashni talab qiladi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 93 davlat hujjatni yoqlab ovoz berdi, 18 davlat, jumladan, AQSh, Rossiya va O‘zbekiston unga qarshi chiqdi, 65 davlat esa betaraf qoldi.

BMT rezolyutsiyalarining ijrosi majburiy bo‘lmasa-da, ular xalqaro hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifodalovchi siyosiy barometr sifatida qabul qilinadi. Bu safargi ovoz natijalari oldingi yillarga nisbatan pastroq bo‘lib, avvalroq 140 dan ortiq davlat Rossiyaning harakatlarini qoralagan edi.

Ovoz berishdan avval muhokama jarayonida Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillari Rossiyaning Ukraina hududiga keng ko‘lamli bostirib kirishini sababsiz tajovuz deb baholab, buning natijasida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani, fuqarolik infratuzilmalari vayron bo‘lgani va millionlab odamlar majburan ko‘chib ketishga majbur bo‘lganini eslatib o‘tdi.

Biroq, rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamagan davlatlar urushni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini ta’kidlab, har ikki tomon imkon qadar tezroq harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerakligini qayd etdi.

Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya Ukraina «natsistlar rejimini o‘rnatish orqali mojaroni qo‘zg‘atganini» yana bir bor takrorladi. Rossiya, shuningdek, rezolyutsiya loyihasiga mojaroning «asl sabablarini bartaraf etishga» qaratilgan tahririy tuzatishlar kiritishni taklif qildi, biroq ular rad etildi.

BMT Bosh Assambleyasi, shuningdek, AQSh tomonidan tayyorlangan va Yevropa davlatlarining tuzatishlari bilan qabul qilingan yana bir rezolyutsiyani ham ma’qulladi. Ushbu hujjatda “mojaro” atamasi “to‘liq miqyosli bosqinchilik” bilan almashtirildi. Mazkur rezolyutsiya nisbatan neytralroq bo‘lib, Rossiyani qoralashni o‘z ichiga olmaydi. Unda «Rossiya-Ukraina mojarosi» natijasida insonlar halok bo‘lgani uchun chuqur qayg‘u bildirilgan va tomonlar tezroq tinchlikka erishishga chaqirilgan. Bu rezolyutsiya 93 davlat tomonidan yoqlangan, 8 davlat qarshi chiqqan va 73 davlat betaraf qolgan.