Rasmiy daromadi bo‘lmaganlarga ipoteka berishda aliment va kommunal to‘lovlar hisobga olinadi.
O‘zbekistonda rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka krediti ajratishda ularning jarima, aliment va kommunal to‘lovlari inobatga olinadi. Barcha ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali yig‘ilib, yangi ball mexanizmi asosida tahlil qilinadi.
Bu tartib prezidentning 21-fevraldagi “Ipoteka bozorini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarning to‘lov qobiliyati quyidagi xarajatlar asosida baholanadi:
Elektr energiyasi, gaz, suv va chiqindi kabi kommunal to‘lovlar;
Ma’muriy huquqbuzarlik va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati orqali to‘langan jarimalar;
Sud qaroriga asosan to‘langan alimentlar (oxirgi 12 oy davomida).
Rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarni aniqlash, ularni identifikatsiya va baholash jarayoni “Elektron hukumat” tizimi orqali Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari bilan integratsiyalashgan kredit byurolari tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, iste’molchilarga o‘z kommunal to‘lovlarini nazorat qilish imkoniyatini yaratish maqsadida:
To‘lov tizimi “Mening uyim” billing platformasi bilan bog‘lanadi;
Bank hisob raqami fuqaroning shaxsiy identifikatsiya raqamiga (JShShIR) ulanadi;
Hisob raqamida hisoblagich ma’lumotlari va to‘lov tarixi aks etadi.
Vazirlar Mahkamasiga rasmiy daromadi bo‘lmagan fuqarolarga ipoteka kreditlari ajratish tartibini takomillashtirish va “Elektron hukumat” tizimi orqali ma’lumotlarning uzluksiz yetkazilishini ta’minlash vazifasi topshirildi.
1-iyulgacha yangi baholash tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab eskrou tizimi doirasida qurilishi 50 foizga yetgan uy-joylar uchun kredit va subsidiya olishga ruxsat beriladi. Bu qoida imtiyozli va tijorat ipotekalariga tatbiq etiladi.
Prezident yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar rasmiy daromadi yo‘qligi sababli ipoteka krediti va subsidiya ololmayotganini ta’kidlagan edi. Shu bois, mamlakatga muntazam ravishda (6 oy ichida) pul jo‘natayotgan fuqarolarning daromadini hisobga oladigan yangi tizim yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!