Jamiyat, Siyosat

Shavkat Mirziyoyev din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqladi

Shavkat Mirziyoyev din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni «O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va din sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat 11 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 20 fevral kuni Senat tomonidan maʼqullangan.

Konsepsiya «ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali O‘zbekistonda butun jamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik, izchil taraqqiyot asosida o‘zaro hamjihatlikda yashash uchun zarur bo‘lgan barqaror muhitni taʼminlashga» qaratilgan.

Hujjatda taʼkidlanishicha, Konstitutsiya barchaga vijdon erkinligini, xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqini kafolatlaydi, diniy qarashlarni majburan singdirishni taqiqlaydi. Bunda xalq madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, axloqini shakllantirish va avloddan-avlodga yetkazishga xizmat qiladigan diniy qadriyatlarning muhim o‘rni qayd etiladi.

«Diniy eʼtiqodlar va diniy bag‘rikenglik, dinlarning asl insonparvarlik mohiyati jamiyatning maʼnaviy-axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbaidir. Vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq dunyoviy davlatdagina to‘laqonli amalga oshirilishi mumkin. Dunyoviy davlat diniy qadriyatlarning, eʼtiqodlarning hurmat va himoya qilinishi, izchil rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy muhit yaratadi», — deyiladi konsepsiyada.

Konsepsiyada quyidagi tushunchalarga izoh berilgan.

Vijdon erkinligi — fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqi;

dunyoviylik – vijdon erkinligi, erkin fikrlash hamda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq insonparvar qadriyatlarga, umumjamiyat manfaatlariga asoslangan axloq va xulq-atvorni nazarda tutuvchi norma va qarashlar tizimi;

dunyoviy davlat — har kim uchun vijdon erkinligi, mafkura va fikrlar xilma-xilligi kafolatlangan, davlat hokimiyati diniy-konfessiyaviy qarashlar va institutlardan ajratilgan hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda, qarorlar qabul qilishda va ularni ijro etishda Konstitutsiyaga va qonunlarga, umumjamiyat manfaatlariga asoslangan tarzda boshqariladigan davlat;

dunyoviy qadriyatlar — vijdon erkinligiga, qonun ustuvorligiga, mafkura va fikrlar xilma-xilligiga, dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka asoslangan jamiyatdagi umuminsoniy prinsiplar, normalar va qarashlar majmui;

umumjamiyat manfaatlari — jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, har bir shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonun oldida tengligini taʼminlash, birgalikda tinch-totuv yashash, moddiy-maʼnaviy neʼmatlardan adolatli tarzda foydalanish hamda taraqqiy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasidagi jamiyatning ongli ehtiyojlari yig‘indisi.

Konsepsiyaning alohida boblarida quyidagilar tavsiflangan:

O‘zbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash jarayonining hozirgi holati;

Din sohasidagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari va prinsiplari;

Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va din sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari;

Dunyoviy davlatda umumiy manfaatlar uyg‘unligi va vijdon erkinligini taʼminlash;

Dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlari (davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, nikoh institutini tartibga solish, ijtimoiy axloq va xulq-atvor meʼyorlarini shakllantirish yo‘nalishlarida).

Hujjatda «qonunlar bilan tartibga solingan ijtimoiy munosabatlarga muayyan bir dinga xos qoidalarni joriy etishga bo‘lgan urinishlar, ayollar va erkaklar huquqlari tengligini shubha ostiga qo‘yish, fuqarolik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortish, ijtimoiy axloq normalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni inkor etish, tibbiy xizmatdan, ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan, tovarlar va xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan huquqlarni cheklash, ayrim davlat xizmatchilarining dunyoviy davlatchilik mohiyatini teran anglamasligi hamda jamiyat taraqqiyoti, birdamligi va barqarorligiga putur yetkazuvchi qonunga xilof g‘oyalar va qarashlar tarqalishi» hollari uchrayotgani qayd etilgan.

«Bundan tashqari, axborot makonining globallashuvi natijasida ijtimoiy tarmoqlardan erkin foydalanilishi, yoshlarning migratsiya jarayonlariga keng jalb qilinishi sharoitlarida radikallashuvga sabab bo‘luvchi omillarni to‘liq nazorat qilish imkoniyati cheklangan», — deyiladi konsepsiyada.

Hujjatga ko‘ra, bunday holatlar «yagona O‘zbekiston xalqining, jamiyat va davlatning hamjihatligiga xatar bo‘lib, qonun hujjatlariga rioya etilmasligiga, boshqa shaxslarning huquqlari buzilishiga, fuqarolarning huquqiy tartibotga munosabati salbiy tomonga o‘zgarishiga, vatanparvarlik tuyg‘ulari yemirilishiga, oilaviy nizolarga olib kelishi mumkin».

Diniy sohadagi davlat siyosati prinsiplari aniq belgilanmaganligi uning aholi o‘rtasida turlicha tushunilishiga, dunyoviy davlat asoslarining buzib talqin qilinishiga, jamiyatda ziddiyatli vaziyatlarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, ularning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga eʼtiborsizlik, zamon bilan hamqadam bo‘lmaslik mamlakatning global raqobat maydonida munosib o‘rin egallash yo‘lidagi dolzarb vazifalarni amalga oshirishni murakkablashtiradi, deb taʼkidlanadi konsepsiyada