Jahon

Tramp G‘azoga xorijiy qo‘shin kiritish masalasida bayonot berdi

Tramp G‘azoga xorijiy qo‘shin kiritish masalasida bayonot berdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqdagi bir nechta ittifoqchi davlatlar G‘azo sektoriga qo‘shin yuborishga tayyor ekanini bildirdi. U bu haqda o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida yozgan.

Trampning ta’kidlashicha, ayrim ittifoqchilar agar AQSH so‘rasa, G‘azoga katta kuch bilan kirib, HAMASni jilovlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

“Yaqinda bir qancha ittifoqchilarimiz menga aniq va ochiq aytdi — agar so‘rasam, ular G‘azoga katta kuch bilan kirib, HAMASni jilovlashga tayyor. Ammo men hali emas dedim”, — deb yozgan Tramp.

AQSH rahbari hozircha hech bir davlatga, jumladan Isroilga ham, sektorga qo‘shin kiritishga ruxsat bermaganini qayd etgan.

“Hali ham umid bor — ehtimol HAMAS to‘g‘ri yo‘lni tanlar. Aks holda, HAMASning taqdiri vahshiylik bilan yakunlanadi”, — degan u.

Tramp, shuningdek, G‘azoga yordam berishga tayyor mamlakatlarga minnatdorlik bildirgan, biroq ularning nomlarini oshkor etmagan.

Eslatib o‘tamiz, 13-oktyabr kuni Misrda o‘tkazilgan xalqaro sammitda AQSH boshchiligida G‘azo tinchlik bitimi imzolangan edi. Unga ko‘ra, HAMAS quronsizlantirilib, isroillik va falastinlik asirlar o‘z yurtlariga qaytarilishi lozim edi.

Ammo hozirda mazkur kelishuvning taqdiri noaniq bo‘lib qolmoqda. AQSH va Isroil HAMASni bitimni buzganlikda ayblamoqda, HAMAS esa bu ayblovlarni rad etmoqda.