Markaziy bank o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 2025-yil oktyabr oyida go‘sht, benzin va dorilar narxi sezilarli oshganini bildirgan.
Aholining kelgusi 12 oyga mo‘ljallangan inflyatsion kutilmalari 11,7 foiz, tadbirkorlarning esa 11,1 foiz darajasida shakllangan. Bu Markaziy bank tomonidan 2025-yil oktyabrda o‘tkazilgan inflyatsion kutilmalar so‘rovi natijalariga asoslanadi.
Aholiga sezilgan inflyatsiya
Oktyabr oyida aholining narxlar o‘sishini sezish darajasi sentyabr oyiga nisbatan o‘zgarmay, 12,4 foiz atrofida saqlanib qoldi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri (15,5 foiz) va Toshkent viloyati (14,7 foiz) aholisi narxlar o‘sishini o‘rtachadan yuqori darajada sezgan. Eng past ko‘rsatkich esa Xorazm viloyatida — 10,8 foiz.
So‘rov ishtirokchilari oktyabr oyida go‘sht, sut, benzin, yoqilg‘i va dorilar narxida sezilarli o‘sish kuzatilganini qayd etgan. Shuningdek, meva-sabzavot, tuxum, non, tibbiy xizmatlar va qurilish mollari qimmatlashganini bildirganlar soni ham oshgan.
Aholi qatlamlari kesimida
Eng yuqori sezilgan inflyatsiya 20–30 million so‘m daromad oluvchilar orasida qayd etilgan — 20,5 foiz (sentyabrga nisbatan 5,9 foizga oshgan).
30 million so‘mdan ortiq daromadga ega qatlam orasida bu ko‘rsatkich 18 foiz, 7–10 million so‘m topuvchilar orasida esa 13,5 foiz bo‘lgan.
Kasbiy sohalar kesimida esa maishiy xizmat (13,5 foiz), ishlab chiqarish (13,4 foiz) hamda ilm-fan va ta’lim vakillari eng yuqori inflyatsiyani sezgan. Eng past ko‘rsatkich esa talabalar (11 foiz) hamda kafe va restoranlar sohasida (11,5 foiz) qayd etilgan.
Inflyatsion kutilmalar
Aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari 12,4 foiz darajasida shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan. So‘rovda ishtirok etganlar kommunal xizmatlar, yoqilg‘i-energetika mahsulotlari va oziq-ovqat narxining oshishidan eng ko‘p xavotir bildirgan.
Eng yuqori inflyatsion kutilmalar maishiy xizmat sohasida (13,5 foiz), eng past ko‘rsatkich esa pensionerlar orasida (10 foiz) qayd etilgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahri — 14,5 foiz, Farg‘ona viloyati — 10,4 foiz ko‘rsatkich bilan mos ravishda eng yuqori va eng past darajalarni tashkil etgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!