Siyosat

O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasida erkin savdo zonasi ochildi

O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasida erkin savdo zonasi ochildi

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari 17-noyabr kuni ikki davlat chegarasida joylashgan “Shovot–Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini rasmiy ravishda ishga tushirdi. Marosim oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Zonadagi infratuzilma to‘liq ishga tayyor

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi savdo hududida quyidagi obyektlar faoliyat ko‘rsatadi:

  • direksiya binolari;

  • bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlari;

  • savdo pavilyonlari va omborlar;

  • “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari;

  • bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun infratuzilma;

  • katta avtoturargoh.

Mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasidagi savdo jarayonlarini soddalashtirish, tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va qo‘shma biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

3,5 million aholiga ega mintaqalar uchun yangi imkoniyat

“Shovot–Toshhovuz” savdo zonasi O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Mintaqaning umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod bo‘lib, zona ikki tomonlama savdo-harakatni sezilarli darajada oshirishi prognoz qilinmoqda.

Loyihaning qisqacha tarixi

  • 2022-yil oktabr — “Shovot–Toshhovuz” savdo zonasi qurilishiga start berilgan.

  • Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi arafasida zonani tashkil etish va tartibga solish bo‘yicha protokol imzolangan.

  • 2024-yil fevral — Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston–Turkmaniston erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.

  • 2025-yil 25-fevral — ikki davlat o‘rtasida erkin savdo rejimi amalda joriy etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston fuqarolari mazkur zonada 15 kungacha vizasiz qolishlari mumkin bo‘ladi.