Andijon viloyatida firibgarlik yo‘li bilan pul olgan hakamlik sudi sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
DXX xabariga ko‘ra, sudya o‘zini “yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari” orqali ikki nafar fuqaroni Janubiy Koreyaga mavsumiy ishchi sifatida yubora olishini aytib, ulardan 15 ming dollar talab qilgan. Ishni “tezlashtirib berish” uchun esa 4 100 dollarni avans sifatida olgan.
Biroq u va’dasini bajara olmagach, olgan pullarining bir qismini qaytarib berayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan:
- JK 168-moddasi 3-qismi “a” bandi — ko‘p miqdorda firibgarlik,
- JK 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi — ko‘p miqdorda pora berish
bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sudya ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, so‘nggi oylar ichida sud-huquq tizimida bir qator pora va firibgarlik holatlari fosh etilgan: sentyabr oyida Surxondaryo va Andijonda prokuror, sudya yordamchisi va advokat qo‘lga olingan, oktyabrda esa Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi 3 200 dollar olayotganda ushlangandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!