O‘zbekiston

O‘zbek–fransuz universiteti tashkil etiladi

O‘zbek–fransuz universiteti tashkil etiladi

O‘zbekiston Prezidentining 26 noyabrdagi qaroriga muvofiq, mamlakatda O‘zbek–fransuz universiteti tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, yangi universitet faoliyatini O‘zbekiston qonunchiligi talablari hamda Fransiya universitetlari konsorsiumi tavsiyalari asosida amalga oshiradi.

Dastlabki bosqichda ta’lim magistratura yo‘nalishida yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik esa bosqichma-bosqich bakalavriat va doktorantura ta’lim dasturlari ochiladi. Shuningdek, universitetga kirish uchun tayyorlov kursi ham joriy etiladi.

Ta’lim jarayoni maqsadli davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga universitetning o‘zi tomonidan beriladigan diplom, shuningdek Fransiyada akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari asosida konsorsiumga kiruvchi tegishli fransuz universitetining diplomi taqdim etiladi. Berilgan diplomlar O‘zbekistonda tan olinadi.

2024 yil mart oyida Toshkentda O‘zbekiston–Fransiya universiteti tashkil etish rejasi haqida ilk bor ma’lum qilingan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘sha paytda Fransiyaning elchisi Aureliya Bushe bilan uchrashib, oliy va professional ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuvda universitetni tashkil etish, o‘quv rejalarini va ta’lim dasturlarini yaratish, professor-o‘qituvchilarni jalb etish kabi masalalar ko‘rib chiqilgan edi.