Jinoyat

Rossiyada o‘zbekistonlik migrant o‘ldirilgani aytildi

Rossiyada o‘zbekistonlik migrant o‘ldirilgani aytildi

Rossiyaning Vladimir viloyatida 48 yoshli ayol O‘zbekiston fuqarosini bo‘g‘ib o‘ldirgani va jasadini tomorqasidagi olma daraxti ostiga ko‘mib qo‘ygani bildirildi. Bu haqda viloyat Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 54 yoshli erkak uzoq yillar Pokrovskiy TBI zavodida ishlagan. Qarindoshlari noyabr oyida uning bedarak yo‘qolgani haqida huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan.

Tergov materialida qayd etilishicha, 16-noyabr kuni erkak Petushinskiy tumanidagi Staroye Perepechino qishlog‘ida yashovchi tanish ayolnikiga borgan.

Dastlabki xulosalarga ko‘ra, spirtli ichimlik iste’mol qilinganidan keyin o‘rtada janjal kelib chiqqan. Erkak yiqilgach ayol uni arqon bilan bo‘g‘ib o‘ldirgani aytilmoqda. Shundan so‘ng u jasadni tomorqasiga ko‘mib qo‘ygan.

Mojaro ayolning qarz so‘ragani, erkakning esa pul bermagani sabab kelib chiqqani bildirilgan. Jabrlanuvchining qarindoshlari ayolning katta qarzlari borligini, erkak u bilan hisob-kitob qilish uchun qishloqqa borganini yozgan. Qotillikdan keyin ayol erkakning telefoni va bank kartasini olib ketgani ham ma’lum qilingan.

Tergovchilar gumonlanuvchining uyidan ashyoviy dalillarni olgan. Ayol avval Rossiya Jinoyat kodeksining “giyohvand moddalar” moddasi bo‘yicha sudlangani qayd etildi. Tergov qo‘mitasi uni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanishi bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritmoqchi.

Tergov doirasida ekspertizalar tayinlangan va voqea tafsilotlarini aniqlash ishlari davom etmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.