Ijtimoiy himoya milliy agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i – matbuot kotibi Dilfuzabegim Ro‘zmetova O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 2-apreldagi 134-son qaroriga muvofiq, 2025/2026-yil isitish mavsumida aholining muhtoj qatlamiga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 1 million 162 mingdan ortiq ehtiyojmand oila ro‘yxati shakllantirildi.
Moddiy yordam oluvchilar ro‘yxatiga quyidagi toifadagi oilalar kiritilgan:
1. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri”da qayd etilgan 822 ming oila;
2. Reyestrlarga kirmagan, biroq “mahalla yettiligi” tomonidan yordamga muhtoj deb topilgan qo‘shimcha 290 ming oila.
Ta’kidlanishicha, 290 ming nafar oila ro‘yxatini shakllantirish jarayonida har bir mahallada nafaqat qarorda ko‘rsatilgan toifadagi oilalar, balki yordam so‘rab muntazam murojaat qiladigan aholining muhtoj qatlami ham qamrab olingan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!