SpaceX Indoneziyaning Sumatra orolidagi halokatli suv toshqinidan zarar ko‘rgan aholiga dekabr oyi oxirigacha Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlaridan bepul foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Bu haqda kompaniya bayonotida ma’lum qilindi.
Kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan xabarida Starlinkning to‘fon oqibatida jabr ko‘rgan yangi va mavjud foydalanuvchilari uchun xizmatlar vaqtincha bepul bo‘lishi bildirildi. Shuningdek, eng ko‘p zarar yetgan hududlarda aloqa tizimlarini tiklash maqsadida terminal qurilmalarini zudlik bilan o‘rnatish ishlari boshlangan.
Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda bir haftadan buyon kuzatilayotgan kuchli yog‘ingarchiliklar, siklonlar va tropik bo‘ronlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 321 nafarga yetdi. Eng katta talafot Indoneziya, Tailand, Malayziya va Shri Lankada qayd etilgan.
Mintaqa bo‘yicha qurbonlar soni:
Indoneziya: Sumatra orolida 174 kishi halok bo‘lgan. Ayrim hududlarda suv sathi 1 metrdan oshgan.
Tailand: Sakkizta provinsiyada 145 kishi vafot etgan. Umumiy hisobda 3,5 milliondan ortiq aholi zarar ko‘rgan.
Malayziya: “Senyar” tropik bo‘roni sabab ikki kishi halok bo‘lgan.
Shri Lanka: Siklon oqibatida 46 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Yordam kutayotgan hududlar
Sumatraning Batang Toru shahrida mahalliy aholi shaxsi aniqlanmagan yetti nafar insonni ommaviy qabrga dafn etdi. Guvohlarning aytishicha halok bo‘lganlarning jasadlari chiriy boshlagan.
Orolning turli hududlarida qutqaruv ishlari murakkablashmoqda. Rasmiylar aloqa va elektr ta’minotini tiklash hamda ko‘chkilar to‘sib qo‘ygan yo‘llarni ochish ustida ishlamoqda. Ta’minotdan uzilgan ayrim punktlarda aholi oziq-ovqat va zarur mahsulotlar zaxirasining kamayib borayotganidan shikoyat qilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!