AQSH 28-noyabr kuni Afg‘oniston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu haqda Kabul Now nashri xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, cheklov Vashingtonda Oq uy yaqinida afg‘onistonlik shaxs tomonidan sodir etilgan otishmadan keyin joriy etilgan. AQSH Davlat departamenti bayonotida «Afg‘oniston pasporti egalariga viza berish zudlik bilan to‘xtatildi. Qo‘shma Shtatlar milliy hamda jamoat xavfsizligini himoya qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda» deyiladi.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham qarorni tasdiqlab X ijtimoiy tarmog‘ida «AQSHning xalqi va millatini himoya qilishdan ko‘ra ustuvor vazifasi yo‘q» deya post qoldirgan.
Ma’lum qilinishicha, 26-noyabr kuni 29 yoshli afg‘onistonlik Rahmatullo Lakanval Oq uy yaqinida G‘arbiy Virjiniya Milliy gvardiyasining ikki a’zosiga qarata o‘q uzganlikda gumon qilinmoqda. Jarohat olgan harbiylardan Sara Bekstrom voqeadan so‘ng vafot etgan, 24 yoshli Havo kuchlari shtab serjanti Endryu Vulf esa og‘ir ahvolda qolmoqda.
Lakanval 2021-yilda AQSHga kelgan bo‘lib, avval Afg‘oniston armiyasida o‘n yil xizmat qilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u AQSH maxsus kuchlari bilan birga Qandahorda bir necha marta safarbarlikda qatnashgan, shuningdek siyosiy boshpana olish jarayonida razvedka xizmatlarida tekshiruvdan o‘tgan.
Hodisa ortidan Tramp Bayden ma’muriyati davrida AQSHga kirgan afg‘onistonliklarni qayta tekshirish bo‘yicha topshiriq bergan. AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmati Afg‘oniston bo‘yicha immigratsiya va boshpana arizalarini ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatganini tasdiqlagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!