Misr urushdan keyingi G‘azoda tartib va xavfsizlikni tiklash uchun besh ming nafar falastinlik politsiyachini o‘qitishni boshladi. AFP xabariga ko‘ra, dastlabki 500 nafar xodim mart oyida Qohirada tayyorgarlikdan o‘tgan, sentyabrdan boshlab esa ikki oylik muntazam kurslar yo‘lga qo‘yilgan.
Bu tuzilma tarkibiga faqat g‘azoliklar qabul qilinadi. Ularning maoshi G‘arbiy Sohildagi Ramallohda joylashgan Falastin ma’muriyati tomonidan to‘lab beriladi. O‘quvchilar zamonaviy uskunalar bilan mashq qilishayotgani, jarayonda Falastin ozodlik tashkilotining falastinliklar uchun yagona qonuniy vakil ekani ta’kidlanayotgani aytilmoqda.
Avvalgi muzokaralarda HAMAS va Falastin ma’muriyati G‘azoda 10 ming nafar politsiyachidan iborat umumiy xavfsizlik tizimini yaratishga kelishib olgan edi. Shundan 5 mingini Misr tayyorlab beradi, yana 5 ming nafari hozirgacha HAMAS nazoratidagi politsiya tarkibidan olinadi. Ularni kelajakda falastinlik texnokratlardan iborat qo‘mita boshqarishi ko‘zda tutilgan.
HAMAS vakillari tuzilmaning G‘azoni boshqarish va xavfsizlik bilan bog‘liq bandlariga rozi ekanini bildirgan. Biroq Isroil bilan yakuniy kelishuv hanuz noaniq. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azoni kelgusida na HAMAS, na Falastin ma’muriyati boshqarishini istashini qayd etgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!