Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar berishicha, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro noyabr oyida Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng AQSH tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatidan mahrum bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 21-noyabr kuni taxminan 15 daqiqa davom etgan muloqot AQSHning Karib dengiziga dunyodagi eng yirik aviatashuvchi — Gerald Fordni yuborgani va Venesuelaga bosim kuchaygan bir pallaga to‘g‘ri kelgan.
Uchta manbaning bildirishicha, suhbat davomida Maduro quyidagi shartlar bajarilsa, iste’foga chiqib, mamlakatni tark etishga tayyor ekanini aytgan:
-
o‘zi va oilasi ustidagi sanksiyalar bekor qilinishi;
-
ularga huquqiy amnistiya kafolatlanishi;
-
shuningdek, AQSH yuzga yaqin kishini afv etishi.
Biroq Tramp bu talablarni qabul qilmagan va Maduroga mamlakatni tark etish uchun bir hafta muhlat bergan. Ushbu muddat 28-noyabr kuni yakunlangan. Shundan so‘ng Tramp Venesuela havo hududi yopilganini ma’lum qilgan.
Xabarga ko‘ra, Maduro ma’muriyati yana bir bor Tramp bilan telefon orqali bog‘lanishga harakat qilgan, biroq AQSH taraf bunga rozi bo‘lmagan.
AQSH Venesuelani va prezidentni narkotik savdosiga ko‘z yumganlikda ayblamoqda. Venesuela esa buni rad etib, ayblovlarni Maduroni hokimiyatdan chetlatish uchun bosim vositasi deb baholamoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!