O‘zbekiston

Migrantlar uchun OIV testlari majburiy emas — OITS markazi: tekshiruv ixtiyoriy va bepul

Migrantlar uchun OIV testlari majburiy emas — OITS markazi: tekshiruv ixtiyoriy va bepul

Avgust oyida senatorlar uch oydan ortiq muddat chet elda bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan fuqarolarni OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qullagan edi. Hujjat hali kuchga kirmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda chet eldan qaytgan ayrim shaxslar majburiy tartibda test topshirishga jalb qilinayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan.

“Daryo” ushbu masalaga aniqlik kiritish uchun Respublika OITSga qarshi kurashish markazi bo‘limi mudiri Farrux Hamroyev bilan bog‘landi.

“Tekshiruv ixtiyoriy, bepul va maxfiy amalga oshiriladi”

Farrux Hamroyevning ta’kidlashicha, migrantlar OIV infeksiyasiga majburiy tartibda jalb etilmaydi. Ularga testdan avval tushuntirish ishlari o‘tkazilib, salomatlik va oilaviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan tekshiruvning ahamiyati izohlanadi.

“Ularni hech kim majbur qilmaydi. Migrantlar testdan ixtiyoriy ravishda va bepul o‘tadi. Bu amaliyot yillar davomida qo‘llanib kelmoqda. Uzoq muddat chet davlatga borib kelgan fuqarolar epidemiologik ko‘rsatmaga asoslanib, maxfiy tartibda testdan o‘tkaziladi”, — dedi u.

OIV holatlarining 30 foizdan ortig‘i — chet eldan qaytganlar orasida

Mutaxassisning aytishicha, har yili OIV infeksiyasi yangi aniqlangan holatlarning 30 foizdan ziyodi xorijda uzoq muddat bo‘lib qaytgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Biz chet davlatda faoliyat yuritgan yoki xavf omillariga duch kelgan shaxslarga murojaat qilamiz. Bu — o‘z vaqtida salomatlikni tekshirtirib olish uchun zarur choradir”, — dedi Hamroyev.

Migrantlar orasida OIVga chalinish holatlarining ko‘pligi erkaklar ulushining yuqoriligi bilan izohlanmoqda.

O‘zbekistonda OIV bilan yashayotganlar soni

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabr holatida O‘zbekistonda 52 ming nafardan ortiq odam OIV bilan yashamoqda.