Jamiyat

Xalqaro anjumanda tabiatga asoslangan yechimlar va yashil texnologiyalar muhokama qilindi

Xalqaro anjumanda tabiatga asoslangan yechimlar va yashil texnologiyalar muhokama qilindi

2025-yil 19–20-dekabr kunlari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida — Green University “Ekologik muammolarning tabiatga asoslangan yechimlari” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjuman davlat organlari, jamoatchilik, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek xorijiy mamlakatlardan kelgan soha mutaxassislarini birlashtirdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova, Suv xo‘jaligi vazirligi vakili Rashid Toshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Xamzayev hamda IUCNning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Dmitriy Gorshkov ochib berdi.

Qutlov nutqida mamlakatda iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi, bioxilma-xillikning qisqarishi, yerlarning sho‘rlanishi va atmosfera havosining ifloslanishi kabi dolzarb ekologik muammolar mavjudligi ta’kidlandi. Anjumanning asosiy maqsadi barqaror rivojlanish tamoyillari hamda ekologik yo‘naltirilgan ilg‘or texnologiyalar asosida ekologik islohotlarning ilmiy va amaliy jihatlarini muhokama qilishdan iborat ekani qayd etildi.

Shuningdek, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani hamda sohadagi vakolatli organning Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirilishi ekologik islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ko‘kalamzorlashtirishni kengaytirish, Orolbo‘yi hududida o‘rmonzorlar barpo etish, cho‘llanish va chang-qum bo‘ronlariga qarshi kurashish hamda yashil energetika ulushini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.

Anjuman doirasida mahalliy va xorijiy ekspertlarning ma’ruzalari tinglanib, yashil iqtisodiyot, suv va yaylov ekotizimlarining barqarorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shaharlar iqlimiy xatarlarini boshqarish hamda atmosfera havosi sifatini monitoring qilish masalalari muhokama qilindi.

Ikki kunlik anjuman ekologik barqarorlikni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ilmiy muloqot va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.