Kambag‘al oilalarning ota-onalari o‘smir farzandlarini tajribali jinoyatchilar badavlat to‘ylarda mehmonlardan o‘g‘irlik qilishga o‘rgatadigan “maktab”ga yuborish uchun katta mablag‘ jamg‘armoqda, deb yozadi South China Morning Post.
Nashrga ko‘ra, bu amaliyot Hindistonning markaziy qismidagi Madhya-Pradesh shtatidagi bir qancha qishloqlarda keng tarqalgan. Ota-onalar o‘z farzandlarini, odatda, 12-13 yoshda mahalliy jinoiy guruhlarga o‘rgatish uchun jo‘natadi, u yerda ularga cho‘ntak o‘g‘rilik, odamlar gavjum joylarda sumkalarni o‘marish, politsiyadan qochish, kaltaklanish va boshqa “mavzular”ga dosh berishga “o‘rgatiladi”. Shuningdek, bolalarga qimor o‘ynash va spirtli ichimliklarni sotish o‘qitiladi.
Bunday “maktab”larda “bilim olish” narxi 200-300 ming rupiy (2400-3600 AQSH dollari)ni tashkil qiladi, ammo “bitiruvchilar” daromadi bu miqdordan 5-6 baravar oshishi mumkin. Bundan tashqari, jinoiy guruhlar har yili ota-onalarga o‘z farzandlarining faoliyati uchun 300-500 ming rupiy (3600 dollar) miqdorida “to‘lov” to‘laydilar.
8-avgust kuni Hindiston shimoli-g‘arbidagi Jaypur shahrida o‘tkazilgan dabdabali to‘y chog‘ida o‘g‘ri 15 million rupiy (180 ming dollar)lik zargarlik buyumlari va 100 ming rupiy naqd pulni o‘g‘irlab ketgan.
Mart oyida o‘g‘rilar maktabini tamomlagan 24 yoshli bezori Hindiston shimolidagi Gurgaon shahridagi to‘ydan bir xalta taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgan.
Politsiya inspektori Ramkumar Bhagatning aytishicha, huquqbuzarlarning aksariyati voyaga yetmaganlar bo‘lgani uchun politsiya uchun chora ko‘rish “juda qiyin” kechmoqda.
Hindistonda o‘g‘irlikda ayblanganlar yetti yilgacha qamoq jazosi va jarimaga tortilishi mumkin. Biroq mamlakat huquq tizimi voyaga yetmaganlar jinoyatiga nisbatan yumshoqroq bo‘lib, tuzatish va tarbiyalashga urg‘u beradi.