Jamiyat

Atlas bayrami” VI Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo’lib o’tdi

Atlas bayrami” VI Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo’lib o’tdi

Joriy yilning 19-21-sentabr kunlari O‘zbekistonning Marg‘ilon shahrida “Atlas bayrami” VI Xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali bo‘lib o‘tdi. Festival ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlash, an’anaviy to‘qimachilik mahsulotlarini asrab-avaylash va targ‘ib qilish, madaniy meros va barqaror rivojlanish o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga qaratilgan.

Bu yil festivalda Avstraliya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Portugaliya, Tojikiston, Turkmaniston, Estoniya, Shveytsariya kabi keng turli davlatlardan kelgan rassomlar va to‘qimachilik dizaynerlari qatnashishdi.

Festivaldan maqsad an’anaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishiga xos bilim va ko‘nikmalarni targ‘ib qilish orqali nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashga hissa qo‘shish, turmush sharoitini yaxshilash, barqaror bunyodkorlik iqtisodiyotini shakllantirishdan iborat. Hunarmandlar, dizaynerlar, moda sohasi mutaxassislari, ishlab chiqaruvchilar va toʻqimachilik boʻyicha mutaxassislar uchun gʻoyalar, yangi texnika va bilim bilan almashish uchun platforma taqdim etish orqali festival oʻsish va innovatsiyalar uchun turli imkoniyatlar yaratadi. Bunday hamkorlik nafaqat qadimiy an’analarni saqlab qoladi, balki ularni rivojlantirishga imkon berib, hunarmandchilikning madaniyat va keng ijodiy iqtisodiyot sohalarida dolzarb bo’lib qolishiga yordam beradi.

Festival Yevropa Ittifoqi koʻmagida Fargʻona viloyati hokimligi, Margʻilon shahar hokimligi, UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Oʻzbekiston “Hunarmand” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi va Butunjahon hunarmandchilik kengashi hamkorligida tashkil etildi.

«Atlas Bayrami» festivali doirasida qator muhim tadbirlar bo’lib o’tdi:

  • Festival oldi treninglar (2024-yil 12-18-sentabr): UNESCOning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyodagi Ipak yoʻli merosi yoʻlaklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro oʻlchovi” loyihasi doirasida Qozog’iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi Markaziy Osiyoning beshta davlatidan kelgan yosh hunarmand va dizaynerlar anʼanaviy hunarmandchilik, etnik dizayn va tadbirkorlik, hunarmandchilik biznesini rivojlantirish boʻyicha intensiv mintaqaviy va milliy treninglar o’tqazildi. Trening ishtirokchilarga an’anaviy kashtachilik, kigizchilik va etnik dizayn, biznesni rivojlantirish va bozorga chiqish bo‘yicha o‘z mahoratini oshirish imkonini berdi. Treninglarning maqsadi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, ijodkorlikni rag‘batlantirish, hunarmandlar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni madaniyat sohasida barqaror biznes yaratish vositalari bilan ta’minlash orqali ularning imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
  • Rasmiy ochilish marosimi (2024-yil 19- sentabr): Festivalning rasmiy ochilishi Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazida hukumat va UNESCO vakillari ishtirokida boʻlib o’tdi, festivaloldi treninglarniing ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
  • Modalar namoyishi/Yosh va professional dizaynerlar ko’rgazmasi (2024 yil 19 va 20 sentyabr): Ikkita moda namoyishi an’anaviy to’qimachilikdan ilhom olib innovatsion va zamonaviy talqinlarini namoyish etuvchi turli mamlakatlardan kelgan yosh va professional dizaynerlarning ijodini bir yerga jamladi. Ushbu tashabbusning bir qismi sifatida yosh dizaynerlar ko’rgazmasi UNESCO va Yevropa Ittifoqining hamkorlikdagi loyihasi doirasida o’tkaziladigan Etnik Dizayn Mentori kursining yopilishini o’z ichiga oldi.
  • “Meros va taraqqiyot” mavzusidagi davra suhbati (2024-yil 19-sentabr): Xalqaro ekspertlar, hunarmandlar, siyosatchilar va manfaatdor tomonlar barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun nomoddiy madaniy merosdan foydalanish strategiyalari, jumladan uning bozor salohiyatini muhokama qilish uchun bir davrada yig’ilishdi.
  • An’anaviy to’qimachilikni rivojlantirishning ekologik jihatlari bo’yicha xalqaro konferentsiya (2024 yil 20 sentyabr): Turli mamlakatlardan milliy va xalqaro ekspertlar, dizaynerlar va ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan konferentsiya zamonaviy jamiyatda an’anaviy to’qimachilikning ahamiyatini o’rgandi. Munozaralar an’anaviy usullarning yanada barqaror amaliyotlarga qanday hissa qo’shishi, ekologik toza materiallar, tabiiy bo’yoqlar va resurslarni tejaydigan ishlab chiqarish usullarining muhimligini ta’kidlashga qaratildi. Konferensiya to‘qimachilik hunarmandchiligining boy merosi atrof-muhit muammolarini hal qilishda qanday yo‘l tutishi, an’anaviy bilimlar zamonaviy barqaror to‘qimachilik amaliyotiga qanday ma’lumot berishi bo‘yicha muloqotni rivojlantirishga yo‘naltirildi.
  • Hunarmandchilik biznesi va tadbirkorligini rivojlantirish o‘quv markazining rasmiy ochilishi (2024-yil 20- sentabr): Festival doirasida yangi markazning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markazning maqsadi hunarmandlar va tadbirkorlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar bilan ta’minlash va muvaffaqiyatli hunarmandchilik biznesini saqlab qolishdan iborat. Ushbu markazni yaratish uchun UNESCO XIX asrda qurilgan “Said Ahmad Xoja” asr madrasasini bir necha oy ichida qayta tikladi va jihozladi. Mazkur markaz hunarmandchilik va biznes sohalarida salohiyatni oshirish, innovatsiyalar va bilim almashish uchun xizmat qiladi, madaniyat sohasi mutaxassislari va hunarmandlarga hunarmandchilik, biznesni boshqarish, marketing, elektron tijorat va hokazolar bo‘yicha o‘z malakalarini oshirish imkonini beradi.
  • An’anaviy to’qimachilik bo’yicha foto va san’at ko’rgazmalari ochilishi (2024 yil 21 sentyabr): Ikkita ko’rgazma an’anaviy to’qimachilikning go’zalligi va xilma-xilligini namoyish etib, ularning madaniy o’ziga xoslik va merosni saqlashdagi rolini ta’kidladi.
  • Seminarlar va xalq bayramlari: Festival davomida an’anaviy to’qimachilik va gilam tayyorlash bo’yicha seminarlar o’tkazilib, tashrif buyurganlarga mohir ustalarning murakkab texnikalarni o’z ishida qanday qo‘llashini ko‘rish va o’rganish imkonini beradi. Bayram tadbir va tomoshalari keng tomoshabinlarni jalb qilib O‘zbekistonning boy madaniy an’analarini yanada ulug‘ladi.