O‘zbekiston

Davlat rahbari barcha ustozlarni bayram bilan tabrikladi

Davlat rahbari barcha ustozlarni bayram bilan tabrikladi

Muloqotda bugungi kunda barcha soha va tarmoqlardagi islohotlar inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilayotgani taʼkidlandi.

Bosh maqsadi yangi zamon kishisini, Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalash boʻlgan taʼlim va tarbiya sohasi uchun bu vazifa alohida ahamiyat kasb etadi.

“Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar. Buning uchun avvalo oʻqituvchining oʻzi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli taʼminlangan boʻlishi kerak. Shundagina u oʻzining chinakam insoniy va kasbiy fazilatlarini amalda namoyon qila oladi”, — dedi Prezident.

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqoti boshlandi.

Davlatimiz rahbari yurtimizdagi barcha ustozlarni bayram bilan tabrikladi.

«Ta’lim – sohalar ichida eng dolzarbi, maktab – eng muhimi bo‘lsa, o‘qituvchilik kasblar orasida eng ulug‘idir. Men sizlarni juda hurmat qilaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Yangilangan Konstitutsiyamizda dunyodagi moʻtabar shaxs – oʻqituvchi maqomini alohida mustahkamlash, bu kasbni jamiyatdagi eng obroʻli ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak boʻlsa, armonim edi. Chunki oʻzim ham koʻp yillar shu sohada ishlaganman. Oʻqituvchi mehnati qanchalik ogʻir va mashaqqatli ekanini yaxshi bilaman. Afsuski, ana shunday sharafli va olijanob kasb egalariga biz yaqin oʻtmishda yetarlicha hurmat va eʼtibor qarata olmadik. Sir emas, qaysi sohaga qoʻshimcha ishchi kuchi kerak boʻlsa, birinchi navbatda oʻqituvchi-pedagoglar jalb etiladigan boʻlib qolgan edi. Biz mamlakatimizda yangi islohotlarni boshlagan birinchi kunlardan eʼtiboran ana shu ogʻriqli masalani hal etishga – oʻqituvchilarni, bolalar va ayollarni majburiy mehnatdan xalos qilishga kirishdik. Qatʼiy iroda va intilish bilan bu noxush holatlar bugun tarixga aylandi. Mana, bu yil “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildik. Konstitutsiyamizda belgilangan qoida endi ana shu qonun asosida ishlay boshlaydi. Kimki oʻqituvchiga bosim oʻtkazib, uning kasb faoliyatiga daxli boʻlmagan ishlarga, turli majlislarga jalb etmoqchi boʻlsa, ana shu qonun asosida javobgarlikka tortiladi”, — dedi Prezidentimiz.

Bugun taʼlim va tarbiya sohasidagi barcha oʻzgarishlar markazida bilimdon, ijodkor, vatanparvar va jonkuyar muallim shaxsi turishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Aks holda sohaga yoʻnaltirayotgan shuncha mablagʻ, qurilayotgan bino va inshootlar, moddiy-texnik baza havoga sovurilgandek bekorga ketishi qayd etildi.

“Biz bunga hech qachon yoʻl qoʻymasligimiz lozim. Davlatning, xalqning peshona teri bilan topgan boyligi, birinchi navbatda, yosh avlod tarbiyasi uchun, kelajagimiz uchun ishlashi shart”, — dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan katta ishlar borasida baʼzi misollarni keltirdi.

 

Oʻtgan 7 yilda taʼlimni rivojlantirishga jami 216 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun byudjetdan 19,5 trillion soʻm sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bogʻcha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi.

Xususiy taʼlimga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bogʻchalar 250 tadan 30 mingtaga koʻpaydi.

Bu moddiy resurslar birinchi navbatda intellektual-maʼnaviy resurslar bilan toʻldirilishi kerakligi, shundagina taʼlimda sifat, samara boʻlishi taʼkidlandi.

Intellektual-maʼnaviy resurslar – bu avvalo oʻqituvchining bilim va tajribasi, mahorati, uning madaniy darajasi, maʼnaviy saviyasi deganidir.

6 ming oʻqituvchi 10 million soʻmdan ziyod maosh olmoqda

Oʻtgan davrda ilgari eʼtibordan chetda qolgan yoʻnalishlar, xususan, pedagogik taʼlimga, uning ilmiy, nazariy va amaliy asoslariga eʼtibor kuchaytirildi.

Kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish uchun oliygohlarda sirtqi taʼlim shakli tiklandi.

Oʻqituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab toʻlanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi.

Oʻz ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming oʻqituvchi 10 million soʻmdan ziyod maosh olmoqda. 2020-yilda bunday oʻqituvchilar 102 nafar boʻlgan.

Albatta, bu hali yetarli emasligi, lekin ushbu raqam keyingi ikki yilda 5,3 barobar oshgani taʼkidlandi.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni seleksiya yoʻli bilan tanlab olish boʻyicha ilgari boʻlmagan yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.

Natijada bu yilning oʻzida xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 122 ta medalni qoʻlga kiritdi.

Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi soʻnggi 7 yilda 4 karra oshdi.

Bu yil 310 ming nafar oʻgʻil-qizlarimiz oliygoh talabalari boʻldi. Ana shu yoshlarning qariyb yarmi qizlardir.

Bunday natija ilgari hech qachon boʻlmagan.

“Bugungi ochiq muloqotimiz salkam bir asrlik tarixga ega boʻlgan Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutida oʻtayotgani albatta bejiz emas. Men yigʻilishdan oldin hozirgi kunda mutlaqo yangicha qiyofaga ega boʻlgan institutda yaratilgan sharoitlar, oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha yangi tizim taqdimoti bilan tanishdim. Bundan buyon taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish uchun ishni 7 ta yoʻnalishda tashkil etamiz”, — dedi Prezident.

Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga masʼul boʻlishi belgilandi.

Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda byudjetdan har yili 50 milliard soʻm ajratiladi.

Hokimlarga joylardagi barcha malaka oshirish markazlarini zamonaviy qiyofaga keltirish topshirildi. Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bogʻchani bogʻlaydigan vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bogʻcha tanlab olinib, ulardagi yetakchi oʻqituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi.

Buning uchun yetakchi oʻqituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qoʻshiladi.