Nizomga ko‘ra, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti talabgorlarini tanlash, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va taqdim etish tartibi hamda yo‘nalishlar bo‘yicha talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari belgilandi.
Talabgorlar 8 ta yo‘nalish — fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha tanlovlar orqali saralanadi.
Mukofot ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlarga o‘qish va mehnat faoliyatidagi yutuqlari uchun beriladi.
Yo‘nalishlar bo‘yicha har bir o‘ringa munosib talabgorlarni tanlash quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- tuman (shahar) bosqichi — 2-sentyabrdan 20-oktyabrga qadar;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi — 21-oktyabrdan 30-noyabrga qadar;
- respublika bosqichi — 1-dekabrdan 31-dekabrga qadar o‘tkaziladi.
Mukofot har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga — jami 28 nafar talabgorga beriladi.
Sovrindorlarga mukofotlanganlik haqidagi diplom, ko‘krak nishoni hamda BHMning 50 baravari miqdoridagi pul mukofoti har yili 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida tantanali vaziyatda topshiriladi.
Prezidentning 2024-yil 7-fevraldagi farmoni bilan Zulfiya mukofotini berish tartibiga o‘zgartirish kiritilgandi. Unga ko‘ra, endilikda axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli xotin-qizlar ham ushbu davlat mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti komissiyasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatishi hamda unga bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi rahbarlik qilishi belgilandi.