Jamiyat

«Sud muxbirlari» korpusini shakllantirishga ehtiyoj bormi?

«Sud muxbirlari» korpusini shakllantirishga ehtiyoj bormi?
Oplus_131072

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning matbuot kotiblari uchun “Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan ishlash: muammo va yechimlar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda matbuot kotiblaridan tashqari viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari masofadan ishtirok etdi.

Seminarning birinchi qismida sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida va obyektiv axborot berish, tizim haqida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlarga tezkor munosabat bildirish, media vakillari bilan sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar tahlil qilindi, muayyan kamchiliklar, ularning sabab va yechimlari ochiq, achchiq va oshkora muhokama qilindi.

O‘zaro muloqotda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tizim faoliyati bo‘yicha qonunga xilof va asossiz e’lon qilinayotgan chiqishlar sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligiga ta’siriga alohida e’tibor qaratildi. Axborot xurujlariga obyektiv va tezkor munosabat bildirishning turli uslub va shakllari, axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.

Shuningdek, sudyalarning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligiga doir Sudyalar odobi kodeksi qoidalari, bu jarayonda matbuot kotiblarining vazifalari xususida gapirildi. Aholini sudga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish tizim oldidagi ustuvor vazifa ekan, bunda jamoatchilik bilan aloqalarga mas’ul bo‘lgan matbuot kotiblari zimmasidagi vazifalardan kelib chiqib, ularga lozim sharoitlar yaratishdan tashqari joylardagi ayrim sud rahbarlari axborot siyosati masalasida qarashlarini o‘zgartirishi lozimligi ham ochiq aytildi.

Tadbirning ikkinchi qismida tizim mutasaddilaridan tashqari ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi. Ular ishtirokida matbuot kotiblari faoliyati yuzasidan e’tirof ham aytildi, e’tirozlar ham bildirildi. Shuningdek, ularning malakasi va faoliyatini samaradorligini yanada oshirish, sudlar faoliyatiga doir so‘rovlar va ularga javob berish, bu borada yuzaga kelayotgan ayrim tushunmovchiliklar, tizim faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, huquqiy tartiblariga e’tibor qaratildi. Bundan tashqari ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarning ixtisoslashuvi zaruriyati, “sud muxbirlari” korpusini shakllantirish ehtiyoji hamda bu borada sud organlari tomonidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalari ham seminar ishining asosiy mavzularidan bo‘ldi.