Prezident mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirida ishtirok etib, xalqimizga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari nutqida tabiatga mehrli munosabat va ekologik mas’uliyat masalalariga alohida to‘xtaldi.
“Tabiatga mehrli munosabat orqali kelajak avlodlarga unumdor yer, zilol suv, musaffo havoga ega bo‘lgan go‘zal Vatanni meros qilib qoldirishni muqaddas burchimiz, deb bilamiz.
Shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni yanada kengaytiramiz”,
– dedi Prezident.
Keyingi sakkiz yilda yurtimizda 31 million kvadrat metrdan ortiq yoki qariyb 12 mingta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilgani tarixiy qadam bo‘ldi.
Shu yilning o‘zida “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda yana 130 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilib, aholiga topshiriladi.
2030 yilgacha butun dunyoda qo‘llanayotgan “yashil shahar” standartlari asosida barcha shaharlarimizda yashillik darajasi 30 foizga yetkaziladi.
Natijada mamlakatimiz barqaror energiya bilan ta’minlanadi, ekologiyaga, odamlarimiz salomatligiga zararli ta’sirlar keskin kamayadi.
“Shu bilan birga, master rejalar asosida har bir qishloq va mahallaga shahardagi qulayliklarni olib kiramiz. Kichik shaharlarni zamonaviy infratuzilma asosida rivojlantirib, ularni yangi bosqichga ko‘taramiz”, – dedi davlat rahbari.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!