Filippinda yaqinlashib kelayotgan “Fung-Vong” tayfuni sababli qariyb bir million kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirilmoqda, deb xabar berdi South China Morning Post. Mamlakatning eng yirik oroli — Lusonning ayrim hududlarida kuchli yomg‘irlar yog‘a boshlagan. Shamolning tezligi soatiga 230 kilometrga yetmoqda. Tabiiy ofat tufayli 400 ta aviareys bekor qilingan, ish joylari va o‘quv muassasalari vaqtincha yopilgan.
Meteorologlarning ma’lumotiga ko‘ra, tayfun bugun kechasi Lusonning sharqiy sohilidagi Aurora provinsiyasiga yetib kelishi kutilmoqda. Hukumat mamlakatning markaziy va janubi-sharqiy qismlarida eng yuqori — beshinchi darajadagi xavf e’lon qilgan.
Oldingi tayfun oqibatlari hanuz bartaraf etilmoqda
Filippinda hali ham avvalroq yuz bergan “Kalmaegi” tayfuni oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Mazkur tabiiy ofat 224 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Rasmiylar aholiga tayfun markaziga yaqin hududlardan uzoqlashish, suv toshqinlari xavfi yuqori bo‘lgan joylarni tark etish va hukumat ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishni tavsiya qilmoqda.