Jahon

Ahmad ash-Shar’a AQShga bordi. U Tramp bilan nimani muhokama qiladi?

Ahmad ash-Shar’a AQShga bordi. U Tramp bilan nimani muhokama qiladi?

Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a AQShga tarixiy tashrifни amalga oshirmoqda. U bugun Vashingtonga yetib kelib, Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi.

Mazkur tashrif — Suriyaning zamonaviy tarixida birinchi marta mamlakat rahbarining AQShga rasmiy tashrifi sifatida qayd etilmoqda.

Tarixiy tashrif

Suriyadan Oq uyga eng so‘nggi bor yuqori martabali tashrif bundan chorak asr avval — 1999 yil dekabrda amalga oshirilgan edi. O‘shanda tashqi ishlar vaziri Faruq ash-Shar’a Isroil bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etgan edi.

Ammo o‘shandan buyon mamlakatni urush, siyosiy qatag‘onlar va xalqaro izolyatsiya bosib oldi. Bashar al-Asadning hokimiyati qulagach, Damashq «Hay’at Tahrir ash-Shom» kuchlari tomonidan nazoratga olingan. Shundan so‘ng Ahmad ash-Shar’a muvaqqat prezident sifatida hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan ва Suriyaning tashqi aloqalarini tiklashга kirishgan.

BMT sanksiyalaridan chiqarildi

Ash-Shar’aning Vashingtonga tashrifi arafasida BMT Xavfsizlik kengashi uni va Suriya ichki ishlar vaziri Anas Xattob o’z sanksiyalar ro’yxatidan chiqardi.

Shar’a 2014-yildan beri «Hay’at Tahrir ash-Shom» (ilgari «Al-Qoida»ning Suriyadagi qanoti) bilan aloqadorlik sababli BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan.

AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uols bu qaror haqida sgunday degan edi:

«Ushbu hujjat Suriyaning yangi davrga qadam qo‘yayotganini tan oluvchi kuchli siyosiy signal beradi.»

Reuters agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington bir necha oy davomida Xavfsizlik kengashining 15 a’zosini sanksiyalarni bekor qilishga ko‘ndirish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, o‘tgan yil dekabrida AQSh hukumati Ash-Shar’ani qo‘lga olish uchun taklif qilingan 10 million dollarlik mukofotni rasmiy ravishda qaytarib olgan edi.

 Tramp va Ash-Shar’a uchrashuvi

Donald Tramp Suriyaning yangi rahbarini qat’iyatli shaxs sifatida baholagan. Prezident may oyida:

«Yosh, kelishgan yigit, baquvvat — haqiqiy jangchi. U Suriyada vaziyatni nazorat ostida ushlab turish uchun barcha imkoniyatlarga ega.»

O‘shanda AQSh prezidenti Suriyaga nisbatan sanksiyalarning bir qismi olib tashlanganini ham ma’lum qilgan edi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt esa bu tashrif haqida quyidagicha izoh berdi:

«Prezident Yaqin Sharqqa safar chog‘ida Suriyaga tinchlik uchun haqiqiy imkoniyat berish zarurligini ta’kidlagan edi. Sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha qaror — shu yo‘ldagi tarixiy qadamdir.»

Uchrashuvdan nimalar kutilmoqda?

Vashingtondagi muzokaralarda quyidagi masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda:

  • Suriyada tinchlik jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash;

  • AQShning gumanitar va iqtisodiy yordamini qayta tiklash;

  • «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhining siyosiy legitimatsiyasi;

  • Rossiya va Eronning Suriya hududidagi ta’sirini cheklash;

  • Isroil va Livan bilan chegaraviy xavfsizlik masalalari.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Suriya bilan yangi bosqichdagi muzokaralarni «Yaqin Sharqda barqarorlik sari muhim burilish» sifatida ko‘rmoqda.

Siyosiy sharh

Shar’a va Tramp uchrashuvi nafaqat Suriya, balki butun Yaqin Sharq uchun geosiyosiy burilish nuqtasi sifatida e’tirof etilmoqda.
AQShning Suriyada avvalgi yondashuvi — Asad hokimiyatini ag‘darish va muxolifatni cheklash siyosati — endi real siyosiy o‘zgarishlarga mos ravishda qayta shakllanmoqda.