Jahon

AQSH 80 nafar ukrainalikni vataniga deportatsiya qilmoqchi

AQSH 80 nafar ukrainalikni vataniga deportatsiya qilmoqchi

Tramp ma’muriyati AQSH hududida qolish muddati tugagan ayrim ukrainaliklarni urush davom etayotgan vataniga qaytarishga tayyorlanmoqda. The Washington Post’ning yozishicha, Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) bir nechta shaxslarga 17-noyabr kuni maxsus harbiy reyslar orqali Ukraina yoki Polshaga jo‘natilishi mumkinligini bildirgan.

Deportatsiya ro‘yxatida 80 nafar ukrainalik bor

Ukrainaning AQSHdagi elchisi Olha Stefanishina taxminan 80 nafar ukrainalik AQSh qonunlarini buzganlik uchun deportatsiya ro‘yxatiga kiritilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, masala yuzasidan muzokaralar davom etmoqda, biroq to‘g‘ridan to‘g‘ri avia-reyslarning yo‘qligi sabab logistika masalalari murakkabligicha qolmoqda.

Zelenskiy ma’muriyatidagi manbalardan biri esa anonim tarzda:

“AQSH qancha odamni istasa deportatsiya qilsin — biz ulardan foyda topamiz,”
— deya fikr bildirdi.

“Deportatsiya qilinganlar majburan frontga yuborilishi mumkin”

Ayrim advokatlar ukrainaliklar qo‘rquv asosida boshpana so‘rash imkonidan mahrum qilinayotgani, bu esa noqonuniy ekani haqida ogohlantirmoqda.

“Ukraina urush holatida. Deportatsiya qilinganlar armiyaga majburan olinib, frontga yuborilishi ehtimoli juda yuqori,” — deydi advokatlar.

AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi esa har bir ish individual ravishda, qonuniy jarayon asosida ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin

2024-yilda AQShdan 53 nafar ukrainalik deportatsiya qilingandi. Agar bu safar 80 nafar shaxs vatanga qaytarilsa, bu oxirgi yillarda kuzatilgan eng katta deportatsiya to‘lqini bo‘ladi.