Jinoyat

Xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosi 25 yillik qidiruvdan so‘ng ushlandi

Xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosi 25 yillik qidiruvdan so‘ng ushlandi

Xalqaro terroristik tashkilotga a’zoligi uchun 25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu fuqaro 2025-yil noyabr oyida xorijda ushlanib, mamlakatga olib kelindi.

Diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, “hijrat” va “jihod” qilishni maqsad qilgan ushbu shaxs 1999-yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan hamda Afg‘oniston, Pokiston va Suriya hududlaridagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.

O‘zganing nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan mazkur shaxs MDHga a’zo davlatlardan birida qo‘lga olingan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 154- (yollanish), 155- (terrorizm), 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

2025-yil avgust oyida Namangan viloyatida xalqaro terroristik tashkilot g‘oyalari ta’siriga tushgan 21 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.