1-dekabrdan boshlab O‘zbekistonda bir qator muhim yangiliklar joriy etiladi.
Ekologiya sohasida – davlat ekologik monitoringi ma’lumotlar bazasi to‘liq ochiladi. Endi daraxt ekish, daraxt kesishga ruxsatlar, chiqindilarni yig‘ish jadvali va boshqa ekologik ma’lumotlar ochiq bo‘ladi.
Seysmologiya bo‘yicha – zilzila xavfi xaritalari, faol yoriqlar va akselerogrammalarni o‘z ichiga olgan yagona raqamli platforma ishga tushiriladi. U “Shaffof qurilish” tizimi bilan bog‘lanadi.
Tibbiyotda – 10-dekabrdan Toshkent va 15 tumanda elektron retseptlar joriy qilinadi. 2026-yilda butun respublikada tatbiq etiladi.
Ma’muriy jarayonlar soddalashtiriladi: nikoh yoki ajrim rasmiylashtirishda qog‘oz hujjatlar talab qilinmaydi. Harbiy hisobdagi o‘zgarishlar haqida endi fuqarolar o‘zlari xabar bermaydi. Avtomobillar texpasportida esa egasining manzili ko‘rsatilmaydi.
Notariatda – barcha hujjatlar raqamlashtiriladi, nikoh shartnomalarining elektron nusxasi tizimda saqlanadi. Audio va video yozuvlar ham tizimning o‘zida qoladi.
Iste’molchi murojaatlari uchun yangi yagona tizim ishga tushadi. Unda shikoyat yuborish va uning jarayonini kuzatish mumkin bo‘ladi.
AI-80 benzini sotilishi to‘liq taqiqlanadi va nazorat kuchayadi.
Biznes uchun — yangi kafolat va kafillik mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi. “Yashil” tashabbuslar ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Savdo va logistika – “Eski Juva” va Mirabad bozorlari to‘liq elektron to‘lovlarga o‘tadi. “Tolling amaliyotlari” servisi bojxona amaliyotlarini soddalashtiradi.
Qishloq xo‘jaligi – E-yaylov tizimi ishga tushadi, yerlarni onlayn subarendaga berish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Turizm – Samarqanddagi Xalqaro Turizm Akademiyasida qayta tayyorlov kurslari ochiladi, har yili 100 nafargacha mutaxassis uchun xalqaro grantlar beriladi.
Shuningdek, 31-dekabrdan boshlab kichik biznes loyihalariga berilgan ayrim subsidiyalar va mehmonxonalar uchun kompensatsiya dasturlari o‘z yakuniga yetadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!