Jamiyat

O‘zbekistonda giyohvandlik bilan bog‘liq vaziyat keskinlashmoqda

O‘zbekistonda giyohvandlik bilan bog‘liq vaziyat keskinlashmoqda

1-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistondagi narkovaziyat va giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatda narkojinoyatlar soni va giyohvandlikka chalinganlar ko‘payib borayotgani, yangi narkotik turlari kirib kelayotgani va davlat xarajatlari oshayotgani haqida bir qator ma’lumotlar taqdim etildi.

Narkojinoyatlar keskin oshmoqda

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra:

  • So‘nggi 5 yilda noqonuniy narkotiklar musodarasi 67%, sintetik vositalar musodarasi esa 80% ga oshgan.

  • 2025-yilning 10 oyida 12 248 ta narkojinoyat qayd etildi.

  • Ucht tonnaga yaqin narkotik moddalar musodara qilingan.

Yillar kesimidagi ko‘rsatkichlar:

  • 2021-yil — 7 142 ta,

  • 2022-yil — 8 681 ta,

  • 2023-yil — 10 011 ta,

  • 2024-yil — 12 278 ta.

2025-yilda mazkur turdagi jinoyatlar bir yil ichida 16% ga oshgan.

Giyohvand moddalarning yangi turlari kirib kelmoqda

Bojxona qo‘mitasi vakili Akromjon Ahlimirzayevning aytishicha, narkotik moddalar turli yashirin usullarda olib kirilmoqda:

  • Gaz balloniga yashirilgan 58 kg giyohvandlik vositasi;

  • “Mayiz” ko‘rinishidagi gashish;

  • Ayollar kiyimlariga shimdirilgan va suyuq holga keltirilgan moddalar;

  • Shampun, kosmetika, kir yuvish kukunlari ichida yashirilgan narkotiklar.

Internet orqali savdo ham oshib, 2025-yilda bojxona xodimlari 15 ta internet narkodo‘kon faoliyatini fosh etgan.

Giyohvandlikka chalingan bemorlar soni keskin oshmoqda

Ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy markazi ma’lumotiga ko‘ra:

  • Narkodispanserda 8 500 bemor hisobda turibdi (o‘tgan yili 5 300 edi).

  • Oxirgi 5 yilda giyohvandlik bilan kasallanganlar soni 53% ga oshgan.

  • Sintetik narkotik iste’mol qiluvchilar soni 4 baravar ko‘paygan.

  • Opiyli giyohvandlik holatlari 2 baravar oshgan.

Ayniqsa yoshlar orasida keskin o‘sish kuzatilmoqda:
5 yil oldin atigi 60 nafar bo‘lgan yosh iste’molchilar soni hozir 700 nafarga yaqinlashgan.

Davolash xarajatlari: bir bemor uchun yiliga 60 mln so‘m

Markaz direktori Zarifjon Ashurovning ma’lum qilishicha:

  • Bir narkomanni davolashga davlat byudjetidan yiliga 60 mln so‘mgacha sarflanadi.

  • Barcha bemorlarni davolash uchun yiliga 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

  • Dispanserlarda 2400 ta o‘rin mavjud, ammo majburiy davolanish bo‘yicha joy yetishmovchiligi seziladi.

Ammo davolanish samaradorligi past: bemorlarning atigi 8–10% to‘liq sog‘ayadi.

O‘limlarning asosiy sabablari

  • Ortiqcha dozada iste’mol qilish;

  • Immunitetning keskin tushib ketishi;

  • OITS, gepatit, jigar sirrozi, infarkt, insult kabi og‘ir kasalliklarning rivojlanishi.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p holatlar

  • Toshkent shahri,

  • Toshkent viloyati,

  • Andijon,

  • Samarqand,

  • Farg‘ona viloyatlari.

Mutaxassislar 46–60 yoshli iste’molchilar ulushi 25–30% ni, umumiy giyohvandlar orasida katta yoshli shaxslar ulushi 60% ni tashkil qilishini qayd etdi. Shu bilan birga, 25–30 yoshli iste’molchilar ulushi ham jadal ortmoqda.