Jahon

Isroil G‘azoda o‘tin terishga chiqqan ikki bolani o‘ldirdi

Isroil G‘azoda o‘tin terishga chiqqan ikki bolani o‘ldirdi

G‘azo sektorida o‘tin terishga chiqqan ikki bola Isroil hujumi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Hodisa qanday sodir bo‘ldi?

Ma’lum qilinishicha, 29-noyabr kuni ertalab Tamer Abu Assi nonushta tayyorlayotganida o‘tin tugab qolgani sababli 8 yoshli Fadi va 10 yoshli Jumaa o‘tin yig‘ishga chiqqan. Otasi nogiron bo‘lgani uchun bolalar o‘zi borishga majbur bo‘lgan.

Ammo ular qaytib kelmagan. Abu Assi dasturxon yozib, farzandlarini kutayotgan paytda qo‘shnilar yugurib kelib, ikki bola Isroil askarlari tomonidan o‘ldirilganini aytgan.

Otaning so‘zlariga ko‘ra, u farzandlarining jasadini ko‘rganida tan jarohatlari nihoyatda dahshatli bo‘lgan.

“Kafanni ochib ularni quchoqladim. Jumaanning boshi uzilib ketgan, qo‘llari kesilgan edi. Fadining esa o‘ng qo‘li va chap oyog‘i yo‘q edi,” — dedi u.

Isroil tomoni nima dedi?

Oila ma’lumotiga ko‘ra, bolalar Bani Suheila shahrida Isroil droni zarbasi tufayli halok bo‘lgan.
Isroil armiyasi bayonotida hujumni tan olgan holda bolalarni:

“Sariq chiziqni kesib o‘tgan, yerda shubhali harakat qilgan va askarlarga bevosita tahdid solgan shubhali shaxslar,” deb ta’riflagan va havo zarbasi “tahdidni bartaraf etish uchun” amalga oshirilganini bildirgan.

Kontekst: ko‘rinmas “sariq chiziq” va qurbonlar

Bani Suheila G‘azo sektorida Isroil kuchlari nazoratidagi “sariq chiziq” yaqinida joylashgan. Hududda belgilar yetarli bo‘lmagani sababli ushbu chiziqning aniq joylashuvi ko‘pchilik uchun noma’lum.

Oktyabrdan beri o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, ko‘plab falastinliklar aynan shu hududda o‘ldirilgani qayd etilgan. Isroil armiyasi ularni ko‘pincha “bevosita tahdid tug‘dirgan shaxslar” deb atagan.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azodagi urushda 70 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Ularning 20 ming nafari bolalar, 10 ming nafari ayollar ekani bildirilgan.

Vayronalar ostida hanuz minglab jasadlar bo‘lishi mumkinligi sababli qurbonlar soni oshishda davom etmoqda. O‘t ochishni to‘xtatish boshlanganidan beri ham Isroil kuchlari tomonidan 350 dan ortiq falastinlik o‘ldirilgani aytilmoqda.