Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning murabbiylari va ota-onalarini tabrikladi. Saralash bosqichlarida 100 mingdan ortiq yoshlar qatnashib, finalga 3 mingga yaqin eng kuchli sportchilar yo‘l olgan.
Davlat rahbari ayrim sportchilarni alohida tilga olib, ularning rekord natijalari va muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi. Jumladan, og‘ir atletikachi Shahnoza Haydarova va Mohinur Esonboyeva, yengil atletikachi Sadafbonu Nusratulloyeva, yunon-rum kurashi bo‘yicha Qamariddin Xudoyberganov va taekvondochilar Komila Sultanova, Umarali Abdujabborov, Miraslava Omelchenko misol qilindi.
Shuningdek, to‘rt yil avval yo‘lga qo‘yilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimi orqali kashf etilgan 23 nafar yosh sportchi bu yil g‘olib va sovrindorlar qatoriga kirgani qayd etildi.
Prezident kelgusi yildan Olimpiadaga suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy sport turlari ham qo‘shilishini, bosqichlarga xalqaro mezonlar tatbiq etilishini va sport maktablari sharoitlari yaxshilanishini ma’lum qildi.
Olimpiadaning yopilish marosimida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tabrigi Sherzod Asadov tomonidan sportchilarga yetkazildi. Prezident so‘zini yakunlab, yosh sportchilarga shunday murojaat qildi:
“Tinimsiz izlanishdan, olg‘a borishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!”.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!