O‘zbekiston

O‘zbekistonda 2026-yilda 4,5 million tonna paxta yetishtiriladi

O‘zbekistonda 2026-yilda 4,5 million tonna paxta yetishtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr kuni kimyo sanoati rivoji, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va eksportni oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Kimyo sanoati va eksport rejasi

2030-yilgacha soha hajmini kamida ikki barobarga oshirish, mineral oʻg‘it ishlab chiqarishni 1,5 barobarga ko‘paytirish va eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda tarmoqda 21 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda va kelgusi uch yil uchun 4,5 milliard dollarlik tashabbuslar shakllantirilgan.

Sohadagi ba’zi korxonalarda eskirgan quvvatlar energiya xarajatlarini oshirayotganini va raqobatbardoshlikni pasaytirayotganini ta’kidlashdi. Masalan, azotli oʻg‘itlar tannarxining 55 foizi energiya xarajatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababli energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirish zarurati mavjud.

Paxta yetishtirish va yangi loyihalar

Kelgusi yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish rejalashtirilgan. Buning uchun fermerlar fosforli oʻg‘itlar bilan yetarlicha ta’minlanishi, shuningdek, sulfat kislota yetkazib berilishi va imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi.

Taqdimotda shuningdek, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yangi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportni ikki barobarga oshirish imkoniyati qayd etildi. Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida “yashil” mineral oʻg‘itlar, sian tuzlari, kaliy ksantogenat, kaliy sulfati kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi loyihalar ishga tushdi.

Prezident sohani mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida belgilab, ichki bozorni barqaror ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.