Yangiliklar

Prezident “Andijon sanoat xabi”dagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi

Prezident “Andijon sanoat xabi”dagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi “Andijon sanoat xabi”dagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

105 gektar maydonni egallagan ushbu sanoat hududida mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi 12 ta loyiha joylashgan. Ulardan biri – “Avto Spring Komponents” masʼuliyati cheklangan jamiyati. Umumiy qiymati qariyb 60 million AQSH dollari boʻlgan bu korxona yiliga 18 ming tonna poʻlat detallar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Maʼlumki, quyma detallar sanoatning asosi hisoblanadi. Ularni ishlab chiqarish yuksak malaka va texnologiyalar talab etadi. Xususan, ilgari mamlakatimizning avtomobilsozlik va mashinasozlik tarmoqlarida bunday qismlar importi katta oʻrin tutardi. Endi ularning mahalliylashtirilishi tannarxni kamaytirib, raqobatbardoshlikni oshiradi.

Korxonada Xitoy va Germaniya davlatlari texnologiyalari asosida poʻlat qismlar tayyorlash loyihasi boshlangan. Metall quyuv qismi AQSH, mexanik ishlov berish qismi Xitoy kompaniyalari tomonidan loyihalashtirilgan. Oʻtgan yili 4 turdagi qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilgan.

Bu loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, 140 ta ish oʻrni yaratilgan. Shu yil may oyida avtomobillar uchun quyma qismlar tayyorlanadigan ikkinchi bosqich ishga tushiriladi.

Bu noyob korxona bir vaqtning oʻzida 12 tonna metall eritish imkoniyatiga ega. Yana bir samarali tomoni, xomashyolar Asaka tumanidagi avtomobil zavodining temir chiqindilaridan olinib, qayta ishlanadi.

Majmua toʻliq quvvatga chiqqanda, yiliga 27 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtiriladi. Prezidentimizga mahalliylashtiriladigan mahsulotlar haqida axborot berildi. Bunda tannarxni kamaytirish va “yashil” texnologiyalarni qoʻllashga katta eʼtibor qaratiladi.

Joriy yilda umumiy qiymati 156 million dollarlik 10 ta loyiha ishga tushirilib, 2 ming kishining bandligi taʼminlanadi. 2025-yilda umumiy qiymati 14 million dollarlik 2 ta loyihani amalga oshirib, yana 400 ta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.